17:53 / 04.06.2021
4160
Davlat granti asosidagi qabul uchun ehtiyojmand oilalarda yashovchi xotin-qizlarni aniqlash mezonlari tasdiqlandi
Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, kam ta'minlangan oilalardagi xotin-qizlar, to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan qizlar, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va boshqa toifadagi xotin-qizlar Respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tavsiyanomaga ega bo‘lish uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyundagi 338-sonli qaroriga asosan, Respublika oliy ta'lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

  • kam ta'minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta'minlangan oila deganda, oilaning har bir a'zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya'ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Top