18:39 / 04.06.2021
5396
O‘zbekistondagi bank aktivlarining 84 foizi davlat ulushi bor banklarga tegishli ekani ma'lum qilindi

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikadagi tijorat banklari aktivlari 366,1 trln so‘mga yetdi va 2017 yilga nisbatan 120 foizga o‘sdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni paytda O‘zbekistondagi barcha bank aktivlarining 84 foizi davlat ulushi mavjud banklarga tegishli. Shundan 64 foizi 5ta yirik bank hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Manbaga ko‘ra, jismoniy shaxslar depozitlari bank tizimidagi jami depozitlarning atigi 24 foizini tashkil etadi. Bu yalpi ichki mahsulotning taxminan 5 foiziga teng.

«2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, tijorat banklari aktivlari 366,1 trln so‘mga yetdi va 2017 yilga nisbatan 120 foizga o‘sdi. Ushbu davrda o‘rtacha yillik real o‘sish (devalvatsiyani hisobga olmagan holda) 24,1 foizni tashkil etdi», deya xabar berdi manba.

Joriy yil 1 yanvar holatiga bank tizimidagi depozitlarning umumiy hajmi 114,7 trln so‘mni tashkil etdi va shundan 27,4 trln so‘m (24 foiz) jismoniy shaxslar, 87,3 trln so‘m (76 foiz) yuridik shaxslar depozitlaridir.

Jismoniy shaxslar depozitlari ulushi bank tizimidagi jami depozitlar hajmining atigi 24 foizini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, milliy valutadagi aholi omonatlarining o‘sish sur'ati 2018 yilda 38,2 foizni, 2019 yilda 45,2 foizni, 2020 yilda 31,7 foizni tashkil etdi. Xorijiy valutadagi depozitlar hajmi 2018 yilda 2 foizga, 2019 yilda 40,1 foizga, 2020 yilda 27,7 foizga o‘sdi.

Top