16:40 / 04.06.2021
13884

Yoz bo‘lishiga qaramay, Turkiyaning ayrim hududlarida qor yog‘di

Turkiyaning Qora dengiz sohillarida joylashgan qator hududlarida qor yog‘ishi kuzatildi.

Qora dengiz sohilidagi Turkiyaning bir necha viloyatida 3 iyun, payshanba kuni qor yog‘di. Bu provinsiyalarda kuchli yomg‘ir sabab suv toshqinlari ham kuzatilgan.

«Kecha ob-havo chiroyli edi. Ertalab uyg‘onganimizda hammayoq qor bilan qoplanganini ko‘rdik. Bu qish emas, balki yoz, iyun oyi!» – deydi Rize viloyatining Kavrun Yaylasi qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri TRT Haber telekanaliga bergan intervyusida.

Qor yog‘ishi asosan Qora dengizning Ardaxon, Rize, Bolu viloyatlaridagi bir qator baland tog‘li qishloqlarda kuzatilgan. Hatto mamlakat markazidagi Kayseri viloyatida joylashgan mashhur tog‘ chang‘i kurorti ham qor bilan qoplangan.

Turkiyaning g‘arbiy qismida joylashgan Bursa shahri yaqinidagi Olimp tog‘ida ham 5 santimetrlik qor yog‘gan. Ma'lum qilinishicha, bu hududda o‘tgan hafta davomida harorat 30 gradusdan yuqori bo‘lgan edi.

Turkiyaning Meteorologiya Bosh boshqarmasi butun Qora dengiz sohilida yashovchi fuqarolarni kuchli yomg‘irdan ogohlantirib, ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan.

Mavzuga oid
Top