16:51 / 05.06.2021
8387
Braziliya terma jamoasi mamlakatda Amerika Kubogi musobaqasi o‘tkazilishiga qarshi chiqdi

Braziliya termasi o‘yinchilari mamlakat futbol konfederatsiyasi prezidenti Rojyerio Kaboklo bilan uchrashuvda o‘z noroziliklarini ma'lum qilgan. 

Braziliya terma jamoasi futbolchilari va bosh murabbiyi mamlakatda Amerika Kubogi musobaqasi o‘tkazilishiga qarshi chiqdi.

Terma jamoa o‘yinchilari Ekvador bilan jahon chempionati saralash uchrashuvi o‘tkazilganidan so‘ng bu borada o‘z noroziliklarini bildirdi. O‘yindan keyin yarim himoyachi Kazemiro terma jamoaning barcha a'zolari va bosh murabbiy Tite Amerika Kubogida qatnashishni istamayotganini aytdi.

«Braziliyada Amerika Kubogi o‘tkazilishiga nisbatan fikrimizni hamma biladi. Bundan anig‘i bo‘lmaydi. Paragvay bilan o‘yindan keyin o‘z qarashimizni yanada aniqroq aytmoqchimiz»,— dedi u.

AS portalining yozishicha, Braziliya termasi o‘yinchilari mamlakat futbol konfederatsiyasi prezidenti Rojyerio Kaboklo bilan uchrashuvda o‘z noroziliklarini ma'lum qilgan. 

Amerika Kubogi musobaqasi 13 iyundan 10 iyulgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dastlab musobaqa Kolumbiya va Argentinada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo may oyida ommaviy noroziliklar sababli Kolumbiya musobaqani o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘ldi, keyinroq esa koronavirus tarqalishi avj olgani bois musobaqa Argentinada ham o‘tkazilmaydigan bo‘ldi va Braziliyaga ko‘chirildi.

Top