14:55 / 05.06.2021
5190
Hokimlar faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash mezonlari tasdiqlandi

Hokimlar hamda ularning ta'lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash mezonlari tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukumat qarori bilan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi.

Nizomga 3-ilova sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning ta'lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini umumiy o‘rta ta'lim muassasalari reytingi orqali baholash mezonlari va hisoblash metodikasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra mazkur jarayonda quyidagi ko‘rsatkichlarga e'tibor qaratiladi:

  • 11-sinf bitiruvchilari tomonidan OTMlarga kirishda to‘plagan ballari; 
  • OTMga o‘qishga kirganlar salmog‘i;
  • o‘quvchi va o‘qituvchilarning chet tillarini bilish darajasi; 
  • 11-sinf bitiruvchilarining bandligi;
  • o‘quvchilar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar ulushi (Bosh prokuratura ma'lumoti asosida);
  • pedagoglarning sifati (salohiyati); 
  • maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o‘quv-tarbiyaviy muhitni qo‘llab-quvvatlash uchun tuman (shahar) mahalliy budjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan qilingan qo‘shimcha xarajatlar hajmi (Moliya vazirligi ma'lumoti asosida);
  • ta'lim muassasasida ma'naviy-ma'rifiy va o‘quv tarbiyaviy muhit (O‘zbekiston prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida).
Top