20:45 / 05.06.2021
10041

Katta yettilik davlatlari soliq, iqlim va tiklanish bo‘yicha kelishuvga erishdi

6 iyun kuni dunyoning eng boy 7 davlatidan iborat «katta yettilik» mamlakatlari har bir mamlakat uchun 15 foizdan kam bo‘lmagan global korporativ soliq joriy qilishga kelishib oldi. Reuters agentligi yakuniy kommyunike matnini keltirmoqda.

Foto: Stefan Rousseau/PA Wire/Pool via REUTERS

G7 mamlakatlari eng kam korporativ soliq bo‘yicha har bir davlat uchun kamida 15 foizlik global korporativ soliqni joriy etish majburiyatini zimmasiga olishi ta'kidlanar ekan, G20 davlatlari moliya vazirlari hamda markaziy banklari rahbarlarining iyul oyidagi uchrashuvida ikki yo‘nalish bo‘yicha kelishuvga erishilishiga umid bildirilgan.

Dunyoning eng boy 7 davlati, shuningdek, soliq huquqlarini adolatli taqsimlash majburiyatini zimmalariga olishgan. Bunda bozor iqtisodiyotiga o‘tgan mamlakatlar yirik va ko‘p daromad qiluvchi transmilliy korporatsiyalar uchun 10 foizlik marjadan oshuvchi daromadga kamida 20 foiz soliq solish huquqini namoyon etadi.

G7 mamlakatlari iqlim o‘zgarishlari borasida ham o‘ziga xos kelishuvga erishgan. Xususan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy ma'lumotlar majburiy oshkor etilishiga o‘tishni qo‘llab-quvvatlagan.

Yirik davlatlar makroiqtisodiy oqibatlarni ko‘rib chiqish va uglevodorod mahsulotlari narxini belgilashda siyosiy bosim imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan iqtisodiy va moliyaviy qarorlar qabul qilishda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar hamda bioxilma-xillikni yo‘qotishga doir xavotirlarni inobatga olish majburiyatini ham olishmoqda.

Bundan tashqari, dunyoning eng boy 7 davlati global iqtisodiyotni tiklash uchun zarurat bo‘lguncha siyosiy dastak berishni hamda yuqori sifatli ish o‘rinlari tashkil etish va iqlim o‘zgarishi hamda notenglik muammolarini hal etishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Ushbu davlatlar iqtisodiyotlari ochila boshlar ekan, ular inqirozning noteng ta'sirini cheklashga doir qarorlar qabul qilishni davom ettiradi. Bunda eng zarur bo‘lgan soha qo‘llab-quvvatlanadi. Tiklanish qat'iy iziga tushib olgach, kelgusi inqirozlarga samarali qarshi tura olish va uzoq muddatli tuzilmaviy muammolarni hal etish uchun davlat moliya tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta'minlash choralari ko‘riladi.

Mavzuga oid
Top