16:15 / 06.06.2021
19647
«Bu yerda odamlar baxtli, xotirjam yashaydi» – 100 buloqli To‘qmon qishlog‘iga sayohat

Serquyosh O‘zbekistonda insonni hayratga soluvchi makonlar juda ko‘p. Yana bir bor yurtimizning o‘ziga xosligini ko‘rsatish maqsadida Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanidagi olis, tog‘li To‘qmon qishlog‘iga bordik. Tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi ushbu mo‘'jaz qishloqda bir necha ming aholi yashaydi.

Markazdan qishloq tomon yurib borar ekanmiz, nafas olishimiz osonlashganini his qilamiz. Sokinlik, sayroqi qushlarning ovozi, mayin shabada tabiatga yanada yaqinlashganimizni his qildiradi. To‘qmonliklar, asosan, dehqonchilikning uzumchilik yo‘nalishi, chorva boqish bilan shug‘ullanishadi. Undan tashqari, qirlarda o‘suvchi yovvoyi pista bodomdan ham daromad olishadi.

Qishloq tomonga borayotganda yo‘lda, asosan, «Tiko» rusumli mashinalar harakatlanayotganini ko‘rdik. Qishloq aholisini markazga shu rusumli avtomobil yetkazib qo‘yadi. Buning sababi bor, albatta. «Tiko» O‘zbekistondagi eng yengil mashina bo‘lib, qishloqdagi qiyalik va nishabliklarda bu avtomobil bilan harakatlanish oson, hattoki qishda ham. Shu sababli «Tiko» qishloq aholisining asosiy transport vositasi hisoblanadi.

Muhtaram aya

Qishloq hayoti haqida o‘sha yerning aholisidan ma'lumot olishga harakat qildik. Ilk manzilimiz Lapasovlar xonadoni bo‘ldi. Xonadon egalari Muhtaram aya va Obloqul bobo bizni ochiq yuz bilan kutib olishdi. Muhtaram aya bilan dildan suhbatlashdik.

«70 yoshga yaqinlashgan bo‘lsam ham, doim harakatdaman»

«Qishlog‘imizda odamlar, asosan, bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Qishloqdoshlar bir-birimizni juda yaxshi taniymiz, mehr-oqibatlimiz. O‘zimning 9 farzandim bor. Barchasini oilali, uyli-joyli qilganmiz. Albatta, ularni oyoqqa turg‘izish oson bo‘lmagan. Umrim mehnatda o‘tdi. Mehnat bilan yashayapman hozirgacha.

Har doim harakat qilib turmasam bo‘lmaydi. Odamlarimiz asosan uzumchilikdan daromad qilishadi. Iste'mol qiladigan mahsulotlarimizni o‘zimiz yetishtiramiz, bozordan xarid qilmaymiz. Uyimiz oldida turli meva-sabzavotlar ekkanmiz. Nevaralarim bilan qaraymiz. O‘zim ham ketmonni olib, yer chopaman».

«Tog‘da o‘suvchi yovvoyi pista bodom ham umrimizni uzaytirishga yordam beradi»

Har bir xonadon o‘ziga belgilab olgan hududda o‘suvchi pista bodomni terib, daromad qiladi. Iyul-avgust oylarida yetilgan bodomni terib, tozalab, objuvozda chiqarishadi va undan yog‘ hosil bo‘ladi. Pista bodom yog‘i, Muhtaram ayaning aytishicha, har dardga davo ekan. Uning bir litri 400 ming so‘mgacha baholanishi ham mumkin.

Tog‘liklarning salomatlik sirlari

Obloqul bobo

Qishloqda suv muammosi yo‘q. Chunki tog‘ suvidan shakllangan buloqlar aholi ehtiyojini qondiradi. Obloqul boboning aytishicha, qishloqda 100ga yaqin buloqlar bor ekan. Har bir xonadon o‘ziga sharoit qilib, buloqlardan uylari tomon quvur tortishgan. Buloq suvi tog‘liklar salomatligining eng muhim omillaridan biridir.

Obloqul bobodan o‘zining kunlik ovqatlanish ratsioni haqida so‘radik. Aytishicha, ertalab och qoringa buloq suvini icharkan. Nonushtada, albatta, sut mahsulotlari bo‘ladi. Meva-sabzavotlarni ko‘proq iste'mol qilib, go‘sht mahsulotlarini iloji boricha kamroq yeyishga harakat qiladi.

«Iste'mol qiladigan mahsulotimiz 100 foiz tabiiy, kimyoviy moddalar qo‘shilmagan»

Muhtaram aya 69 yoshni qarshilagan bo‘lsa ham, ancha tetik. Ayaning sog‘lom hayot tarzi qanday bo‘lishi, umuman, tiriklik mazmuni haqida fikrlari bilan ham qiziqdik.

«Tog‘ havosi, suvi, tabiiy mahsulotlar qishlog‘imiz odamlarining tetikligi garovidir. Meva-sabzavotlarni qishloq aholisining o‘zi yetishtiradi, kimyoviy dorilardan xoli. Shuning uchun ham mevalar o‘zining tabiiy xususiyatlarini saqlab qolgan».

Yoshim 70ga qarab ketyapti. Shuncha yillar davomida juda katta hayotiy xulosalar qildim. Yoshlarga aytardimki, hayotga yengiltaklik bilan qaramang. Qishlog‘imizda oilaviy ajrimlar deyarli uchramaydi. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, odamlar farzandlarini bolaligidan mehnat bilan ulg‘aytiryapti. Qishloq odamlarining umri mehnat bilan o‘tyapti, bolalar ham ularga qarab o‘syapti. Doim mehnat qilgan odam hayotning, atrofdagilarning qadriga yetadi. Shu sababdanmi bizda oilaviy ajrimlar kam», deydi u.

 Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Top