01:42 / 06.06.2021
3544
Nigeriyaliklarga Twitter’dan foydalanish taqiqlandi

Avvalroq Nigeriya axborot va madaniyat vaziri Lay Muhammad mamlakatda 5 iyundan Twitter faoliyati to‘xtatilishini ma'lum qilgandi.

Foto: Pixabay

Nigeriya bosh prokurori va adliya vaziri Abubakar Malamiy Twitter ijtimoiy tarmog‘idan foydalanganlar jiddiy jazoga tortilishini ma'lum qildi. Bu haqda Vanguard gazetasi xabar bermoqda.

Avvalroq Nigeriya axborot va madaniyat vaziri Lay Muhammad mamlakatda 5 iyundan Twitter faoliyati to‘xtatilishini ma'lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Nigeriya yaxlitligi va xavfsizligiga raxna solishga urinayotganlar doimiy ravishda ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanib kelmoqda».

Nigeriya hukumati va ijtimoiy tarmoq o‘rtasidagi nizo 2 iyunda, mamlakat prezidenti Muhammadu Buxoriyning ayirmachilarni davlat binolariga hujum qilgani uchun jazolash to‘g‘risidagi tahdidi o‘chirib tashlanganidan so‘ng kuchaydi. Shuningdek, Twitter Buxoriyning akkauntini 12 soatga bloklab qo‘ydi.

Mamlakat axborot va madaniyat vaziri ijtimoiy tarmoqni ikkiyoqlama standart va ayirmachilarga yon bosishda aybladi.

Top