09:03 / 06.06.2021
11971
Tramp koronavirusdan ko‘rilgan ziyon uchun Xitoydan 10 trillion dollar talab qildi

AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning ta'kidlashicha, Xitoy koronavirus pandemiyasi avj olishi uchun javobgar hisoblanadi va shu sababli pandemiya oqibatida AQShga yetkazilgan iqtisodiy zarar uchun kamida 10 trln dollar tovon puli to‘lashi kerak.

“Amerika va butun dunyo Xitoy kommunistik partiyasidan reparatsiya talab qilishi vaqti keldi. Biz bir ovozdan Xitoy tovon to‘lashi kerak, deb aytmog‘imiz lozim”, deb ta'kidlagan Tramp respublikachilarning Shimoliy Karolinada o‘tgan qurultoyida.

Trampning aytishicha, Xitoyga 10 trln dollarlik hisob yozib berilishi kerak, unga pul to‘lashi kerak bo‘lgan davlatlar esa qarzni to‘lashdan bosh tortishi lozim. U, shuningdek, koronavirus Uhandagi laboratoriyada sun'iy ravishda yaratilganini aytganda “haq” bo‘lganini yana bir bor ta'kidlab o‘tgan.

“Bizga Xitoydan bu dahshatli narsa kirdi. Bu laboratoriya, bu Uhan”, deb aytgan Tramp.

Sobiq prezident, shuningdek, Xitoydan import qilinuvchi barcha tovarlarlarga 100 foizlik boj kiritishga chaqirgan.

Siyosatchi amaldagi prezident Jo Bayden ma'muriyatini Keystone XL neft quvuridan voz kechgani uchun tanqid qilgan. U, shuningdek, Baydenni “Shimoliy oqim-2” gaz quvuriga qarshi sanksiyalar kiritishdan voz kechgani sababli uni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Uning ta'kidlashicha, “Bayden shu tariqa Amerikani oxirgi o‘ringa qo‘ymoqda”.

Tramp, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlari yaxshi bo‘lganini, “biroq u kabi hech kim Rossiyaga nisbatan qattiqqo‘lroq bo‘lmaganini” ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid
Top