16:00 / 06.06.2021
4249
Xalq ta'limi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalar xorijlik ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi

Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutida «Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish yuzasidan xorijiy ta'lim ekspertlari hamda institutning xalqaro hamkorlari bilan fikr almashish, xorij tajribasini o‘rganish va hamkorlikni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilgan konferensiyada xorijiy ekspertlardan UNICEF ta'lim seksiyasi boshlig‘i Dipa Shankar, AQShning Shimoliy Jorjiya instituti professor o‘qituvchisi Karls Vomak Vinn, «Delivery Associates» xalqaro ta'lim tashkiloti yetakchisi Jon Talli, O‘zbekiston Barkamollik uchun Ta'lim dasturi direktori Valeriya Haygenlar ishtirok etishdi.

Respublikada ta'lim sohasini qayta isloh qilish maqsadida tashlangan ilk qadamlardan biri Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida sohadagi rahbar va pedagog-xodimlarni «hayot davomida o‘qish» tamoyili asosida uzluksiz malaka oshirish tizimiga transformatsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilgacha amaldagi tartibga ko‘ra, pedagog-kadrlar har 5 yilda kamida 1 marta, rahbar va mutaxassis xodimlar esa har 3 yilda kamida 1 marta malaka oshirib kelishgan. O‘qituvchining 5 yilda 1 oy, ya'ni 144 soatlik o‘quv dasturi asosida malaka oshirishi va qolgan 4 yil-u 11 oy hech qanday o‘quvga jalb qilinmasligi ularning o‘z ustida ishlamasligi, katta hajmdagi ta'limiy axborotlardan bexabar qolishga sabab bo‘ladi.

Shu kamchiliklarga barham berish maqsadida joriy yildan tuman xalq ta'limi bo‘limlari fan metodistlarining Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining «Uzluksiz kasbiy ta'lim» elektron platformasi orqali malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi. Tadbirda mazkur platformada amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlil qilindi.

O‘zbekiston Barkamollik uchun Ta'lim dasturi direktori Valeriya Haygen Xalq ta'limi vazirligi hamda Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda qilinayotgan ishlar haqida gapirdi:

«Bizning dasturimiz o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘qituvchilarning malakasini oshirishga va o‘quv dasturlari uchun raqamli platformani ishlab chiqishga qaratilgan. Bugungi konferensiya o‘qituvchilarning doimiy kasbiy rivojlanishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, nafaqat chet ellik ishtirokchilar, balki xalqaro tashkilotlardan ishtirokchilarni hamda mahalliy mutaxassis ishtirokchilarni birlashtiradi.

Maktab direktorlari, o‘qituvchilar va ta'lim metodistlari uchun malaka oshirish bo‘yicha hozirgi tadqiqotlar, albatta, o‘z samarasini beradi. Biz Avloniy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqqan o‘quv platformasi, dasturlar va materiallar hozirda maktab direktorlari malakasini oshirishda tatbiq qilinmoqda».

Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyev konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – amalga oshirilayotgan ishlardan ta'lim sohasi xodimlarini boxabar etish ekanligini aytdi.

«Ma'lumki, joriy yilda davlat rahbari tomonidan xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirish tizimini davriylikdan davomiylikka o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Bugungi konferensiyadan ko‘zlangan maqsad yo‘lga qo‘yilayotgan loyihalarimizning natijalari bo‘yicha keng auditoriyaga ma'lumot berish edi. 9 oylik faoliyatimiz mobaynida 10ga yaqin AQSh, Janubiy Koreya va BMTning bir qancha idoralari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatdik. Shu asosda amalga oshirilayotgan loyihalardan biri «Uzluksiz kasbiy ta'lim» moduli bo‘lib, bu orqali ta'lim sohasi vakillariga mazmunli va qiziqarli malaka oshirish kurslari yaratish hisoblanadi. Bugun xorijiy hamkorlarimizga yaratilgan yangi avlod darsliklaridan samarali foydalanish usullari haqida ma'lumotlar berildi.

Bundan tashqari «Uzluksiz kasbiy ta'lim» platformasi va uni boyitish maqsadida joylangan materiallar, dasturlar, o‘quv jarayoni to‘g‘risidagi savollarga ham javob berildi» dedi u.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati

Top