08:11 / 07.06.2021
4789
Coca-Cola Uzbekistan’dagi davlat ulushini sotishning uchinchi bosqichi yakunlandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 2020 yil 16 dekabrdagi “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish to‘g‘risidagi e'longa muvofiq, sotish jarayonining uchinchi bosqichi yakunlandi.

Foto: Ccbu.uz

Agentlik xabariga ko‘ra, joriy yil 12 apreldan 24 maygacha bo‘lgan muddatda talabgorlarga kompaniyaga tashrif buyurish, joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazish, kompaniya rahbariyatiga qo‘shimcha savollar berish va ular bilan suhbat o‘tkazish imkoniyati berildi.

Shuningdek, talabgorlardan (va ularning vakolatli maslahatchilaridan) kelib tushgan tushgan savollarga javoblar berilib, menejment taqdimoti sessiyalari va onlayn muloqotlar o‘tkazildi hamda talabgorlarga davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasi loyihasi taqdim etildi.

“Bugungi kunda talabgorlardan kompaniyani sotib olish bo‘yicha qat'iy narx takliflari va oldi-sotdi shartnomasi loyihasiga qo‘shimcha taklif hamda izohlari olindi.

Mazkur takliflar “Rothschild & Cie” investitsiya banki va “Dentons” yuridik firmasi bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Davlat tender komissiyasi tomonidan sotish jarayonining yakuniy bosqichini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Mazkur bosqichda davlat ulushini sotish narxini aniqlashtirish va oldi-sotdi shartlarini yaxshilash maqsadida talabgorlar bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkaziladi. Natijasi bo‘yicha savdo g‘olibi kompaniya ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda Davlat tender komissiyasi qaroriga muvofiq e'lon qilinadi”, deyiladi “Davaktiv” xabarida.

Avvalroq, agentlik rahbari Akmalxon Ortiqov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan'da davlat ulushini amalga oshirishning yakuniy bosqichiga yaqinlashayotgani haqida aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Uzbekistan ustav kapitalida 57,1 foiz sotilishi to‘g‘risida e'lon qildi, qolgan 42,9 foiz esa The Coca-Cola Export Corporation (AQSh)ga tegishli. Davlatning o‘z ulushini sotish rejalari 2018 yilda ma'lum bo‘ldi. 

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd 1993 yildan beri ishlab kelmoqda. Bugungi kunda qo‘shma korxona Toshkent, Namangan va Urganchda joylashgan uchta zavodga egalik qiladi hamda O‘zbekistonda gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. 2019 yilda kompaniyaning bozordagi ulushi qariyb 47 foiz bo‘lgan.

Top