10:52 / 07.06.2021
11459

Pokistonda yo‘lovchi poyezdlar to‘qnashdi, o‘nlab qurbonlar bor

Pokiston janubi-sharqida ikki yo‘lovchi poyezd to‘qnashishi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Yana o‘nlab kishilar jarohatlangan holda shifoxonalarga yetkazilgan.

 

Mahalliy rasmiylarning xabar berishicha, Karachidan yo‘lga chiqqan poyezd Sind provinsiyasi hududida relsdan chiqib ketgan va boshqa yo‘l ustida paydo bo‘lgan. Ravalpindidan kelayotgan va yo‘lovchilar bilan to‘lib-toshgan ikkinchi poyezd esa unga to‘qnashib ag‘darilib ketgan.

Sakkiz vagon pachoqlanib ketgan, bu esa ichkarida qolib ketgan odamlarga yetib borishni qiyinlashtirgan. Xabarlarga ko‘ra, jami 14 vagon ag‘darilgan.

Hukumat kamida 30 kishi qurbon bo‘lgan va yana 50 kishi jarohatlangani haqida xabar qilgan.

Mahalliy rasmiylarga tayanib xabar tarqatgan «Blumberg» agentligi xabariga ko‘ra esa qurbonlar soni 35tani tashkil etmoqda.

Qutqaruvchilar yaralanganlarni yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib borishgan. Ularning ayrimlarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Geo News telekanali politsiyaga asoslanib xabar berishicha, qutqaruvchilar ichida taxminan 25 kishi qolib ketgan vagonga yetib borishga harakat qilmoqda.

Pokistonda so‘nggi yillarda temir yo‘llarda bir necha halokatli avariyalar ro‘y bergan.

Mamlakat bosh vaziri Imron Xon tvitterdagi sahifasida poyezdlar to‘qnashuvidan shok holatida ekanini yozgan. U hodisa sinchkovlik bilan tekshirilishini va'da qilgan.

Avariya Gotki tumani yaqinida ro‘y bergan. 

Temir yo‘l halokati yuz bergan hududda poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

Pokistonda aholining eng ko‘p qismi, o‘rta va quyi qatlam vakillari poyezdda harakatlanishni ma'qul ko‘radi. Butun mamlakat hududi temir yo‘llar bilan qamrab olingan.

 

Mavzuga oid
Top