21:26 / 07.06.2021
29405
Qidiruvdagi 3 ming kishi: ular orasida 99 yoshli qariya ham bor, eng ko‘pi – firibgarlar

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida 3075 kishi sanab o‘tilgan. Ularning 27 foizi firibgarlikda gumonlanib qidiruvga berilgan.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida huquqbuzarlik sodir etib, yashirinib yurgani uchun qidiruv e'lon qilingan shaxslarning ro‘yxati keltirilgan.

Kun.uz muxbiri bu ma'lumotlardan foydalanib, qidiruvdagi shaxslar soni, ularning yoshi va sodir etgan huquqbuzarlik turi yuzasidan tahlil o‘tkazdi.

2021 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, IIV rasmiy saytida qidiruv e'lon qilingan shaxslar soni 3075 nafarni tashkil qilmoqda.

Qidiruvdagi shaxslarning 27 foizi – firibgarlikda gumonlanayotganlar

Eng ko‘p qidiruv Jinoyat kodeksining 168-moddasi – «Firibgarlik» jinoyatini sodir etganlikda gumonlanayotgan 819 nafar shaxsga nisbatan e'lon qilingan. Bu umumiy qidiruvdagilar sonining 27 foizini tashkil qiladi.

Undan keyingi o‘rinlarni o‘zlashtirish (167-modda) va o‘g‘rilik (169-modda) jinoyatlarini sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslar band etgan. Ular umumiy qidiruvdagilar sonining 21 foizini tashkil qiladi.

Qasddan odam o‘ldirish (97-modda) jinoyatini sodir etgani uchun qidiruv e'lon qilingan shaxslar – 185 nafar. Bu umumiy qidiruvdagilar sonining 6 foizini tashkil qiladi.

Bosqinchilik, odam savdosi va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qidiruv e'lon qilingan shaxslarning soni ham har bir jinoyat turi bo‘yicha 100 nafardan oshadi.

Shuningdek, 3 mingdan ortiq qidiruvdagi shaxslarning 26 nafari qanday huquqbuzarlik uchun qidiruvda ekani ko‘rsatilmagan.

Vazirlik tomonidan qidiruv e'lon qilingan shaxslarning yosh toifasini tahlil qilish davomida qiziq raqamlarga duch keldik.

Masalan, qidiruvdagilarning 7 nafari 90 yoshdan oshgan, ulardan biri 99 yoshda. 80 yoshdan oshgan qidiruvdagilar soni 12 nafarni tashkil etadi. Keksa yoshdagi qidirilayotganlarning qidiruv sabablari haqida ma'lumotlar manbada keltirilmagan.

Umumiy hisobda, qidiruv e'lon qilinganlarning 8,5 foizi yoki 260 kishi 60 yoshdan oshgan. Mos ravishda qidiruvdagilarning 91,5 foizini yoki 2815 nafarini esa 60 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi.

Qidiruvdagilarning eng yoshlari (33 nafar) 2000-2002 yilda tug‘ilganlar hisoblanadi. Eng ko‘p qidiruv esa 30-45 yoshlilarga nisbatan e'lon qilingan.

Qidiruvdagi shaxslar orasida Jinoyat kodeksining 11 ta moddasi bilan qidiruvda bo‘lganlarni ham uchratish mumkin. JKning 11 ta moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etishda ayblanib qidirilayotganlar soni 3 nafar, 9 ta modda bilan qidirilayotganlar soni 2 nafar, 5 tadan 8 tagacha modda gumonlanib qidirilayotganlar soni esa 71 kishini tashkil qiladi.

Qidiruvdagilarning asosiy qismi, 67 foizi yoki 2047 nafari bitta modda bilan, 21,5 foizi yoki 663 nafari ikkita modda bilan, 6 foizi yoki 195 nafari esa birdaniga 3 ta modda bilan qidiruvda.

Qidiruv e'lon qilingan shaxslarning 26 nafari qanday qilmish uchun qidiruvda ekani ma'lum emas. Xususan, qidiruvdagi 99 yoshli shaxsning ham.

Holatga izoh bergan IIV mas'ullariga ko‘ra, qidiruvdagi 26 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan ayblov moddalari texnik nosozlik tufayli tushib qolgan va yaqin vaqt ichida to‘g‘rilanadi.

Ma'lumot uchun, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida» qonunning 10-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida tezkor-qidiruv faoliyatini quyidagi organlar olib boradi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
  • Davlat xavfsizlik xizmati;
  • Prezident davlat xavfsizlik xizmati;
  • Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasi;
  • Davlat bojxona qo‘mitasi;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
  • Majburiy ijro byurosi.

Boshqa davlat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish taqiqlanadi.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri

Top