17:13 / 07.06.2021
17516
Qirg‘iziston prezidenti viloyat sudi raisining ishga mast holda kelgan videosini namoyish etdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov sud va huquqni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha kengashning birinchi majlisida Chuy oblasti sudi raisining videosini e'lon qilib, u har kuni ishga ichib kelishini ta'kidladi.

Kuzatuv kamerasi orqali olingan videolavhada koridorda bir muncha vaqt o‘tirgan erkak kishining o‘rnidan qiyinchilik bilan turib, cho‘ntagidan kalitni olib kabinet eshigini ochib ichkariga kirgani aks etgan. Uning harakatlarida alkogol ichimligidan mastlik alomatlarini kuzatish mumkin.

Video namoyishi tugagach, prezident Oliy sud raisi Nurgul Bakirovaga yuzlandi.

Shundan so‘ng, prezident mamlakatda sud adolati va qonuniylikni ta'minlashga qaratilgan sud islohoti bo‘yicha qonunlar va kodekslar Konstitutsiyaga muvofiq ishlab chiqilganini, biroq mamlakatda videolavhadagidek sudyalar bo‘lsa, hech qachon o‘zgarish bo‘lmasligini qayd etdi.

«Agar bizda mana shunday sudyalarning o‘zlari o‘zgarmasa, qonunlarni tilla harflar bilan yozsak ham, bunday sudyalar bilan islohotlarni yakunlay olmaymiz.

Mana, bitta yirik oblast sudining raisi har kuni ichar va ishga mast holda kelar ekan. Shunga ko‘ra, hurmatli Oliy sud raisi, zudlik bilan tozalang, uni bugunoq chaqirtirib, masalasini sud kengashi muhokamasiga kiriting, sizga topshiriq», dedi Japarov.

Oliy sud raisi bugunning o‘zida tegishli qaror qabul qilinishiga va'da berdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston sud tizimida intizomiy javobgarlikka tortilgan yoki sud organlari sha'niga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlarni sodir etgani tufayli tizimdan chetlatilgan sudyalarning shaxsi ularga bosim bo‘lishi vaji bilan oshkor qilinmaydi.

Top