17:37 / 07.06.2021
32279
Shomurodovning transfer bahosidan uch barobar arzon jamoa. O‘zbekiston – Singapur o‘yini prevyusi

Uzoq kutilgan hayajonli damlar yetib keldi. Bugun, 7 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi qariyb ikki yillik tanaffusdan keyin JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichi doirasidagi o‘yinlarini davom ettiradi. Saudiya Arabistonida markazlashgan tizimda o‘tayotgan guruh bosqich o‘yini doirasida Vadim Abramov boshchiligidagi milliy jamoa Singapurga qarshi saf tortadi.

Kim qanday holatda?

O‘zbekiston milliy jamoasi Saudiya Arabistondagi o‘yinlar oldidan Toshkentda to‘planib, dastlab Bo‘stonliq tumanida jismoniy tayyorgarlikka zo‘r berdi. 26 may kuni esa Toshkentda norasmiy o‘rtoqlik bahsi tashkil etilib, Otabek Shukurov va Odil Hamrobekovning penaltidan kiritgan gollari Turkmaniston ustidan g‘alaba keltirdi – 2:1.

28 may kuni Dubayga yetib borgan O‘zbekiston milliy jamoasi 29 may kungi Avstraliya bilan bahs bekor qilingani sababli 30 may kuni Tailandga qarshi nazorat bahsi o‘tkazdi va Husniddin Aliqulov, Odil Ahmedov, va Temurxo‘ja Abduxoliqovning dubli evaziga 4:1 hisobida g‘alabaga erishdi. 1 iyun kuni esa Dubaydan Ar-Riyodga yetib borib, bir hafta davomida Saudiya Arabistonida so‘nggi tayyorgarliklar olib borildi.

Raqib jamoa – Singarpur ham O‘zbekiston singari BAAda tayyorgarlik ko‘rdi. Afg‘oniston milliy jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida 1:1 hisobi qayd etildi. 3 iyun kuni esa JCh-2022 saralashi doirasida Falastinga qarshi maydonga tushgan singapurliklar kutilmaganda – 0:4 hisobida qaqshatqich zarbani qabul qilib olishdi. Tatsuma Yoshida shogirdlari 6 o‘yindan keyin 7 ochko bilan guruhda 5-o‘rinda borishmoqda.

Tarkib qanday ko‘rinish olishi mumkin?

Vadim Abramov Saudiya Arabistonidagi o‘yinlar uchun 28 nafar futbolchidan iborat tarkibni olib borgan.

Singarpurga qarshi bahsda rasmiy mezbon sanalmish O‘zbekiston milliy jamoasi o‘zining an'anaviy libosi – oq-ko‘k-oq rangli sport formasida maydonga tushadi. Singapur esa qizil formasida harakat qiladi.

Milliy jamoaning Turkmaniston va Tailandga qarshi bahsi yopiq eshiklar ostida o‘tgani sababli Singapurga qarshi asosiy tarkibni taxmin qilish qiyin bo‘lsa-da, bu borada taxminimiz quyidagicha ko‘rinish oldi:

Darvozabon: Abduvohid Ne'matov

Himoyachilar: Hojiakbar Alijonov, Islom Qobilov, Rustam Ashurmatov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev

Yarimhimoyachilar: Odil Hamrobekov, Otabek Shukurov, Sanjar Qodirqulov, Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov

Hujumchi: Eldor Shomurodov.

Shomurodovdan uch barobar arzon jamoa. Jamoalarning transfer bahosidagi farq

Transfermakrt portali O‘zbekiston va Singapur milliy jamoalarining transfer qiymatini keltirgan. Bu borada ham jamoalar o‘rtasidagi farq katta ekani yaqqol ko‘ringan.

Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibining hozirgi umumiy qiymati 27,65 million yevroga baholangan. Eng qimmatbaho futbolchilarimiz ro‘yxatini Eldor Shomurodov boshqarmoqda. «Jyenoa» hujumchisining transfer bahosi – 7 million yevroni tashkil etadi. 2-o‘rinda Otabek Shukurov – 3 million yevro, 3-o‘rindan esa Jaloliddin Masharipov – 2,8 million yevro narx bilan joy olgan.

Singapur milliy jamoasi tarkibining umumiy qiymati – 2,33 million yevroni tashkil etadi. Bu raqib jamoa butun tarkibining birgina Eldor Shomurodovning transfer qiymatidan 3 barobar arzon ekanligini ko‘rsatadi.

O‘zaro o‘yinlar tarixi: 3 o‘yinda 3 g‘alaba

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida Singapurga qarshi o‘tkazgan barcha – 3 o‘yinda ham raqibni mag‘lub eta olgan.

JCh-2010 saralash bosqichi.

2 iyul, 2008 yil.

Singapur – O‘zbekiston - 3:7

Gollar: Temur Kapadze (10), Viktor Karpenko (22), Server Jeparov (34, 45), Vitaliy Denisov (42), Aziz Ibragimov (62), Maksim Shatskix (88).

JCh-2010 saralash bosqichi.

7 iyul, 2008 yil.

O‘zbekiston – Singapur - 1:0

Gol: Aleksandr Geynrix (81).

JCh-2022 saralash bosqichi.

15 oktabr, 2019 yil.

Singapur – O‘zbekiston – 1:3

Gollar: Fandi 45 – Odil Ahmedov 15, Eldor Shomurodov 51, 90+3.

O‘zbekiston va Singapurning so‘nggi o‘yinlardagi natijalari

Jamoalarning so‘nggi o‘yinlari ro‘yxatiga faqat FIFA tasnifidagi rasmiy o‘yinlar kiritilgan. Norasmiy o‘rtoqlik uchrashuvlari kiritilmagan.

O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yindagi natijasi:

O‘rtoqlik o‘yini. 29 mart. O‘zbekiston – Iroq – 0:1

O‘rtoqlik o‘yini. 15 fevral. O‘zbekiston – Iordaniya – 2:0

JCh-2022 saralashi. 19 noyabr, 2019. O‘zbekiston – Falastin – 2:0

JCh-2022 saralashi. 14 noyabr, 2019. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:3

JCh-2022 saralashi. 15 oktabr, 2019. Singapur – O‘zbekiston – 1:3.

Singapur milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yindagi natijasi:

JCh-2022 saralashi. 3 iyun. Falastin – Singapur – 4:0

O‘rtoqlik o‘yini. 29 may. Singapur – Afg‘oniston – 1:1

JCh-2022 saralashi. 19 noyabr, 2019. Yaman – Singapur – 1:2

JCh-2022 saralashi. 15 oktabr, 2019. Singapur – O‘zbekiston – 1:3

JCh-2022 saralashi. 10 oktabr, 2019. Saudiya Arabistoni – Singapur – 3:0

Anons. JCh-2022 saralash bosqichi o‘yini.

7 iyun (dushanba)

O‘zbekiston – Singapur

Bosh hakam: Ali Abdulnabi (Bahrayn)

O‘yin boshlanish vaqti: 23:00

TV-translatsiya: «SportTV»/»UzReportTV»

Saudiya Arabistoni, Ar-Riyod. «Qirol Fahd» stadioni.

Top