08:09 / 08.06.2021
21299

«Muammo mashinaning qimmatligida emas, balki odamlar kam pul topishida» - Alisher Qodirov UzAuto haqida

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ba'zi davlat kompaniyalari boqimanda ekanini tan oldi va ularni o‘zgartirish zarurligini bildirdi.

«UzAuto Motors’ni olaylik. Uning yalpi ichki mahsulotda 35 trillion so‘mlik ulushi bor. Gap hatto bunda ham emas. Biz u yerga shuncha yildan beri sarmoya kiritganmiz. Avtomobil sotib olish uchun mablag‘ yetishmasligidan xalq aziyat chekmoqda. Muammo mashinaning qimmatligida emas. Muammo shundaki, odamlar kam pul ishlab topyapti. Xarid qilish qobiliyati past. Hozir bojxona bojlarini bekor qilsak, Gentra segmentida 14 ming dollarlik avtomobil kirib keladi. Masalan, Gentra’ni 17 mingdan sotishyapti. Tan olaman, qimmat, men buni qo‘llab-quvvatlamayman. Biroq, ochib qo‘ysak 14 ming dollarlik mashina kiradi. Ikkita savol. Sifati mayli. Men tan olaman - Volkswagen Gentra’dan yaxshiroq. 

Biroq, bojlarni olib tashlasak, mashinalar soni birdaniga ikki barobar ko‘payadi. Xo‘p, unda nima qilish kerak bo‘ladi? Men bilaman, odamlar halol ishlab topgan puliga yuqori sifatli mashina sotib olishga haqli. Bunga to‘liq qo‘shilaman va uni qo‘llab-quvvatlayman. Men UzAuto Motors qimmat mashinalarini bemalol sotishi tarafdori emasman. Bu yerda ular meni ko‘p jihatdan tushunmaydi. Men O‘zbekistonda raqobatbardosh va normal avtomobilsozlik sanoatiga bosqichma-bosqich o‘tish tarafdoriman.

Biroq, nega hozirgi paytda bojxona to‘lovlarini kamaytirmaslikni taklif qilyapman? Sababi, bu baribir sodir bo‘ladi, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lganida. O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lganida, bu tabiiy ravishda ro‘y beradi, bojxona to‘lovlari bizga bog‘liq bo‘lmay qoladi. Ammo bizda o‘nlab yillar davomida xalqning trillionlab sarmoyasini kiritgan ishlab chiqaruvchimizni o‘zgartirish imkoniyati bo‘lsa, buni shunchaki bolta bilan chopib, tashqi ishlab chiqaruvchilarga o‘z bozorimizni ochib bera olmaymiz», dedi Alisher Qodirov.

U Yaponiya va Koreya tajribasi haqida gapirib, 1980-yillargacha tashqi ishlab chiqaruvchilar uchun to‘liq yopiq mamlakat bo‘lganini ma'lum qildi.

«Odamlar nima talab qilsa, shunday bo‘lishi kerak. Ammo buni shunday mohirlik bilan qilish kerakki, bunda iqtisodiyotni buzish emas, balki unga yordam berish zarur. Biz iqtisodiyotni qurmoqdamiz, yalpi mahsulotning 35 trillion so‘mlik qismini saqlab qolish yoki saqlab qolmaslikni muhokama qilyapmiz. Agar davlat hozirda avtomobilsozlik sanoatini qo‘llab-quvvatlamasa, u qulab tushadi. Va biz JSTga a'zo bo‘lamiz, ammo bizda o‘z avtomobilsozlik sanoatimiz bo‘lmaydi. Hozir qimmat va sifatsiz avtomobilni sotib olish orqali sohani qo‘llab-quvvatlayapmiz, buni shunday qabul qilish kerak», dedi u.

Top