16:34 / 08.06.2021
8307
Oliy sudda ishi ijobiy hal bo‘lgan Panji Haydarov bojxona tizimiga ishga tiklandi

Ishga tiklanishi masalasi Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilib, ijobiy hal bo‘lgan sobiq bojxonachi – Panji Haydarov 3 iyun kuni Bojxona tizimiga ishga tiklandi. Bu haqda uning o‘zi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Panji Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, 3 iyun kuni uni Qoraqalpog‘iston bojxona boshqarmasiga ishga tiklash bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i chiqarilgan. Ushbu boshqarma P.Haydarovning so‘nggi ishlagan joyi hisoblanadi, ya'ni u Oliy sud ajrimiga asosan 2021 yil 13 mart kuni qaytadan ishdan bo‘shatib yuborilgunicha ham ushbu boshqarmada mehnat faoliyatini yuritgan.

Shuningdek, Oliy sudning 2021 yil 26 aprel kungi ajrimiga asosan P.Haydarovning qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangan vaqti, jazo o‘tagan vaqti va lavozimidan chetlashtirilgani tufayli ishlamay yurgan vaqti uning umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shildi.

Bundan oldinroq Panji Haydarov bilan birga sudlarda ishtirok etgan bir necha sobiq bojxonachilarning ishga tiklanishi Oliy sud tomonidan muddat o‘tkazib yuborilgani vaji bilan rad etilgan, ammo ular yangi ochilgan holat bo‘yicha ishni qayta ko‘rish bo‘yicha ariza bergani xabar berilgandi

Top