13:49 / 08.06.2021
7477

Yevro-2020 oldidan: Ispaniya turnirga qay daraja tayyor?

«Ko‘hna qit'a» birinchiligi boshlanish arafasida. Milliy jamoalar ushbu musobaqani uzoq vaqt mobaynida kutishdi va unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Biz yozning eng katta turniri oldidan favoritlar va ularning imkoniyatlari haqida fikr yuritamiz.

Bugun Ispaniya milliy jamoasi e'tiborimiz markazida bo‘ladi. «Qizil furiya»ning kuchli va kuchsiz jihatlari, chiziqlardagi yetakchilar va umumiy imkoniyatlarini chamalab ko‘ramiz.

Ispaniya milliy jamoasi 2008 va 2012 yillarda ketma-ket 2ta Yevropa chempionatini yutgandi. Fransiya maydonlarida kechgan so‘nggi chempionatga ular tayyor holatda kela olmadi. Jahon chempionatida guruh bosqichida qolib ketgan ispanlarning tarkibi yana qit'a chempionligini qo‘lga kiritadigan holatda emasdi.

Bugungi Ispaniyani ham Yevropa chempionatiga to‘liq optimal tarkib bilan tashrif buyuryapti, deb ayta olmaymiz. Ammo Luis Enrikening murabbiylik mahoratidan umid qilguvchilar oramizda topiladi. Tarkibda ham o‘z pozitsiyasida dunyodagi eng yaxshilar mavjud.

Darvoza: David De Xea

So‘nggi yillarda De Xeaning darajasi biroz pastlagani rost. Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialdagi ishonchsiz harakatlari klubidagi faoliyatida ham yaxshigina aks etib kelyapti. «Manchester Yunayted» asosiy tarkibidagi o‘rin ham sekin-asta Din Hendersonga boy berilyapti.

Milliy jamoada bunday bo‘lmayotganiga sabab tushunganingizdek raqobatchilarning yuqori darajada emasligi. Kepa «Chelsi»da butkul zaxira posboniga aylandi. Uni eng qimmat darvozabon sifatida eslashmoqda, xolos. Unai Simon Primerada yaxshi o‘yin namoyish etayotganiga qaramay, u top-klub darvozaboni emas.

Himoya chizig‘i: Emerik Laport

Ispaniya milliy jamoasi futbolchilarining boshqa millat jamoasida ham o‘ynash imkoniyati juda ko‘p bo‘ladi. Diyego Kosta voqeasi hamon yodimizda. Hozirda Laport Ispaniya sharafini himoya qilishga rozilik bildirdi. Fransiya milliy jamoasida markaziy himoyadagi jiddiy raqobat va uning katta futbolga qadamlari aynan Ispaniyada qo‘yilgani ushbu tanlovning amalga oshirilishida yetakchi omil bo‘ldi.

Ramos safdan chiqqan paytda, Laportning ushbu tanlovi Ispaniyaning himoyadagi bosh og‘riqlariga malham bo‘ldi, desak adashmaymiz. Luis Enrikening baxtiga, 2018 yilda Emerikni o‘rtoqlik o‘yinlariga chaqirgan Desham uni zaxirada qoldirgan ekan. Aks holda, «qizillar» markaziy himoyasi o‘rtamiyona darajali futbolchilarga qolib ketardi.

Yarimhimoya: Rodri

Ha, Ispaniyada yarimhimoyachilardan muammo hech qachon bo‘lmagan. Ushbu chiziqdagi eng kuchli futbolchini tanlab olish ham qiyin masala. Biz hujumkor yarimhimoyachilarni emas, maydon markazida balansni ushlab turuvchi Rodrini yarimhimoyaning eng muhim futbolchisi sifatida e'tirof etmoqdamiz.

Tayanch yarimhimoyaning bugungi kundagi eng kuchli vakillaridan biri hisoblanadigan «Manchester Siti» futbolchisidan Yevropa chempionatida katta narsalar kutilmoqda.

Premer-liga g‘olibi va Chempionlar ligasi finalchisi tarkibda ekanligidan Enrike g‘ururlansa arziydi.

Hujum: Ferran Torres

Biz «Manchester Siti» emas, Ispaniya milliy jamoasi haqida so‘z yuritayotganimizni eslatib o‘tmoqchimiz. Angliya chempionlari Pep Gvardiola qo‘l ostida. Ispaniyalik mutaxassis ispan futbolini yaxshi biladi va o‘z jamoasiga hamyurtlarini olib kelishni yaxshi ko‘radi. O‘z navbatida bu yaxshi effekt berishini ham ta'kidlab o‘tish lozim.

Ferran Torresni «Valensiya»dan xarid qilayotgan paytda Gvardiolaga hayratomuz savollar beruvchilar ko‘p topildi: Uni qayerga joylashtirish mumkin? Pep o‘z ishini yaxshi bilishini mana shu yerda ko‘rsatib qo‘ydi. Pandemiya sabab jarohatlar girdobida qolayotgan raqiblarini tinimsiz rotatsiya evaziga dog‘da qoldirdi. Premer-liga va YeChLda o‘rtamiyona raqiblarga qarshi yetakchilarga dam berish ko‘pincha grandlarga pand berib qo‘yadi. Ammo «Siti» mavsum davomida bu borada ancha ishonchli harakat qildi. Ferran Torres mana shu kabi o‘yinlarda maydonga tushib, o‘z hisobiga bir qator gollarni yozdirib qo‘yishga erishdi. Texnik jihatdan ancha kuchli o‘yin namoyish etuvchi Ferran realizatsiya masalasida ham sifatli bo‘lib chiqdi. Endi Enrike undan to‘g‘ri foydalanishi darkor.

Murabbiy va uning taktikasi

Luis Enrike «Barselona» bilan so‘nggi marotaba YeChLni yutgan murabbiy hisoblanadi. Uning uslubini to‘liqligicha o‘z ijodi mahsuli, deb bo‘lmaydi. Sababi, bugungi Ispaniya bir vaqtning o‘zida ham Del Boske, ham Gvardiola uslubida o‘yin o‘tkazadi. Tarkibdagi «Manchester Siti» futbolchilarini bejizga eng muhimlari qatorida e'tirof etmadik. Ispanlar Gvardiola «tiki-taka»sini Del Boskening strayker uchun o‘ynash uslubiga uyg‘unlashtirib yuborgan. Ya'ni, «Manchester Siti» o‘yiniga e'tibor qaratadigan bo‘lsangiz, unda yaqqol markaziy hujumchini ko‘rmaysiz. Xuddi shu tipdagi futbolchi sifatida Manchesterga olib kelingan Gabriel Jyezus yarimhimoyachilardek o‘ynay boshladi. Sof hujumchi Aguero «shaharliklar»ni tark etdi. O‘yinlar avvalidagi taktik sxemalarda markaziy hujumchi sifatida ba'zan Foden, ba'zan De Bryuyne va hatto Gundo‘g‘anni ham ko‘ramiz. Del Boske esa doim markaziy «taran» hujumchi bilan o‘ynagan. U hujumchidan pressingda to‘liq ishtirok etishni talab qilmaydi. Luis Enrike boshchiligidagi jamoada Xerar Moreno, Alvaro Morata kabi futbolchilar aynan shunday o‘yin namoyish etmoqdalar.

Yevropa chempionatida Ispaniya markaziy himoyasida ikkita «gigant» futbolchini ko‘rishimiz kutilyapti: Emerik Laport va Pau Torres. Laport milliy jamoada yangi. U hali jamoaga to‘liq moslashib ketmagan bo‘lishi mumkin. Pau Torresda tezlik borasida muammo bor. Raqiblar bu borada ayni shu jihatga e'tibor qaratishlari turgan gap. Biroq, bu yo‘lda Rodri masalasini ham o‘ylab ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Aspilikuetaning markaziy zonadagi tajribasi ham jamoadoshlarining xatolarini yopib ketishga yordam berishi tabiiy.

Ispaniya hujumda ancha xavfli o‘ynashi kutilmoqda. Hujumchilar va hujumkor yarimhimoyachilardan tashqari yana 2 nafar loteral qanot himoyachilari raqib mudofaasiga jiddiy tashvish tug‘dirishi mumkin. Bunda Enrike jamoasini tashvishga soladigan yagona jihat tarkibda yosh futbolchilarning ko‘pligi. Boisi, ular katta o‘yinlarda keraksiz joyda xatoga yo‘l qo‘yib, jamoadoshlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Futbolchilardagi ijodkorlik masalasida Ispaniya milliy jamoasida muammo bo‘lgan paytni eslash mushkul, ochig‘i.

Raqamlar

Ispaniya Yevropa chempionati saralashini mag‘lubiyatsiz yakunladi. So‘nggi 6 o‘yinning barchasida g‘alabaga erishdi. Barcha turnirlardagi o‘yinlar va o‘rtoqlik bellashuvlarida esa natijalar u qadar barqaror emas. So‘nggi 10ta o‘yindagi statistika 4 g‘alaba, 5 durang va 1 mag‘lubiyatdan iborat.

Saralash doirasida 31ta gol urgan Pireney yarimoroli vakillari 5tagina to‘pni o‘z darvozasidan olib chiqdilar. Guruhdagi eng jiddiy raqib Shvetsiya bo‘lganini inobatga olsak, bu ortiqcha alqashga arziydigan natija emas.

Ammo Millatlar Ligasi oxirgi turida Germaniyani 6:0 hisobi bilan dog‘da qoldirganini inobatga olsak, ushbu jamoadan ko‘p narsalarni kutsak bo‘ladi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top