23:50 / 09.06.2021
4148
AQShda 500 doza vaksinani qasddan yaroqsiz holga keltirgan farmatsevt 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi

AQShda sobiq farmatsevt 2020 yil oxirida Moderna kompaniyasining koronavirusga qarshi 500 doza vaksinasini qasddan yaroqsiz holga keltirgani uchun 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

46 yoshli Stiven Brandenburg fevralda o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib, iste'mol tovarini soxtalashtirishga uringanlikda o‘zini aybdor deb tan olgan.

Sud Brandenburg Moderna vaksinasi solingan flakonlarni shifoxonadagi kechki navbatchilik vaqtida muzlatkichdan ataylab olib, ularni yaroqsiz holga keltirgan deb topgan. Ayblanuvchining ta'kidlashicha, u vaksinalarga shubha bilan qaragan va bu boradagi fikrlarini o‘z hamkasblariga aytgan.

Moderna vaksinasi o‘z samaradorligini yo‘qotmasligi uchun ma'lum darajadagi sovuq haroratda saqlanishi lozim.

Brandenburg har kuni vaksinalarni bir necha soat tashqarida ushlab turgach, keyin ularni ertasi kuni ishlatishlari uchun yana muzlatkichga qaytarganini tan olgan. Uning bu qabih ishi fosh bo‘lgunga qadar 57 kishi ushbu yaroqsiz vaksinalar bilan emlangani aniqlangan.

Sobiq farmatsevt sudya unga hukm chiqarishi oldidan o‘z qilmishi uchun kechirim so‘ragan.

«Mening bunday qaror qabul qilishga haqqim yo‘q edi», deb aytgan Brandenburg va «o‘z qilmishidan pushaymonligini hamda uyalayotganini» aytgan.

Top