14:24 / 09.06.2021
4823

Birinchi O‘zbekiston - Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forumida 730 mln dollarlik hujjatlar imzolandi 

Joriy yil 9 iyun kuni Bo‘xtar shahrida O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga tashrifi arafasida birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Tojikiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Davlatali Said, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston turli hududlaridan kelgan 300ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Forum davomida ikki mamlakat hududlari va tegishli idoralar rahbarlari so‘zga chiqib, investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlari, shuningdek, avtomobil sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda ro‘yobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, tadbir doirasida “B2G” va “B2B” shaklida ishtirokchilar manzilli uchrashuvlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Forum yakunlari bo‘yicha Tojikiston hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog‘lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. 

Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln dollarni tashkil etdi, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.

Top