08:42 / 09.06.2021
5905

Toshkent va Dushanbe 30dan ortiq yangi kelishuv va shartnomalarni imzolaydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan ertaga, 10 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keladi. Bu haqda «Asia-Plus» xabar berdi.

Tashrif dasturi Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazishni ko‘zda tutadi - rasmiy uchrashuv, tor doiradagi muzokaralar va kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlar, ijtimoiy obektlarni ochish uchun onlayn marosim, ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash.

Tadbirlar natijasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 30dan ortiq hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Ko‘p qirrali aloqalar uchun yangi «o‘sish nuqtalarini» aniqlashga va uzoq muddatli istiqbolda amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e'tibor qaratiladi.

Shuningdek, rahbarlar xalqaro va mintaqaviy siyosat kun tartibi masalalari bo‘yicha fikr almashadi.

Bundan tashqari, prezidentlar Tojikiston poytaxtida o‘tkaziladigan qo‘shma madaniy tadbirlarda qatnashadi, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi va So‘g‘d viloyatidagi bir qator sanoat obektlariga tashrif buyuradi. 

Top