21:35 / 09.06.2021
7007

Yevro-2020 oldidan: Belgiya turnirga qay daraja tayyor?

Navbat Belgiyaga yetib keldi. Yevropa chempionatining eng kuchli jamoalaridan biri. Ular chempionlikka da'vogarlar orasida ham favorit hisoblanadi. Belgiya futboli uchun «oltin davr» hech qanday titullarsiz yakunlanishi adolatdan bo‘lmaydi. 10 yillar avval boshlangan dunyo milliy jamoalari orasidagi gegemonlik chempionlik kuboklariga ulanadigan payt kelmadimi?!

Foto: Getty Images

Futbolda tajriba degan aspektni ba'zilar qabul qilishni yoqtirmaydi. Ammo tajriba bo‘lganida «qizil iblislar» allaqachon o‘zlari qatnashgan birorta musobaqani yutishi kerak edi-ku! Mana endi ushbu jamoa oldida 3ta katta turnir g‘olibligi uchun real imkoniyatlar mavjud. Millatlar ligasida yarimfinal yo‘llanmasi naqd qilib qo‘yilgan. Yevropa chempionatida ular eng asosiy favoritlardan. Kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatigacha jamoa yoshlari ham anchagina tajriba to‘plab oladi.

Biz bugun «qizil iblislar»ning Yevropa birinchiligidagi imkoniyatlarini muhokama qilamiz. Xo‘sh, Belgiyaning chiziqlar aro eng yaxshi futbolchilari kimlar?

Darvozabon: Tibo Kurtua

«Real»dagi ilk omadsiz mavsumdan so‘ng, Kurtua ancha o‘ziga kelib qoldi. Azaldan yaxshi darvozabon hisoblangan Tiboning «qaymoqranglilar» tarkibida bu qadar muvaffaqiyatsiz start olishini hech kim kutmagandi. Ammo hozirda barchasi o‘z iziga tushib ketgan. Zidan unga ishonishda davom etdi, Kurtuadagi potensialni ko‘ra bildi.

2018 yilda milliy jamoa bilan jahon chempionatida ko‘rsatgan o‘yini tufayli Kurtua yilning eng yaxshi darvozaboni unvonini qo‘lga kiritgandi. Yakuniga yetgan mavsumda 29 yoshli darvozabon barcha turnirlarda 51ta o‘yinda maydonga tushib, 21ta «quruq o‘yin»ni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Himoya chizig‘i: Tobi Alderveyreld

«Tottenhem» himoyachisi Kompani jamoani tark etganidan so‘ng, klubdagi jamoadoshi Yan Vertongen bilan yaxshi tandem hosil qildi. Bugungi kunda uning sherigi «Benfika»da to‘p tepmoqda, yoshi ham anchayin o‘tib qoldi. Bu Roberto Martinesni xavotirga soladigan narsa emas. Sababi, Jyeyson Denayyer ham bor. Xullas, mudofaa markazida yetakchilik Tobining qo‘liga o‘tgan.

«Shporlar» mudofaasining asosiy vakili hisoblangan Alderveyreldda yetakchilik xususiyatlari yaxshi shakllangan. Jismoniy imkoniyatlar va tezlik masalasida ham u kabi sifatli himoyachilarni topish mushkul.

Yarimhimoya: Kevin De Bryuyne

«Manchester Siti»ning bebaho futbolchisi Chempionlar ligasi finalidagi alamlarini Yevropa chempionatida chiqarib olishiga imkon bor. Uning burni operatsiya qilindi. Balki, Martines unga noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida, dastlabki turlar va hatto guruh bosqichida ham zaxirada saqlashi mumkin.

Ikkala oyoqda ham birdek kuchli zarba bera oluvchi va kesuvchi paslar ustasi hisoblangan Kevindan pley-off bosqichida raqiblari ehtiyot bo‘lishi talab etiladi. Ularga bu haqda eslatishimizning keragi yo‘q. Belgiyaning raqiblari qarshisida «Oltin to‘p»ga da'vogar futbolchi turganini yaxshi bilishadi.

So‘nggi 4 yil ichida De Bryuyne 36ta aniq uzun pasni ijro etdi. Havolatib uzatiladigan to‘plarni himoyachilar osonlik bilan qaytarib yuborishlarini yaxshi bilasiz. Shuningdek, bunday to‘plarni to‘xtatib olish hujumchilar uchun ham qiyin. Faqat uzatmani De Bryuyne amalga oshirmagan bo‘lsa... Ushbu vaqt mobaynida u jami 43ta assistni ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Hujum: Romelu Lukaku

Fransiya, Germaniya, Angliya va Ispaniya kabi Yevropa chempionati favoritlarini eng ko‘p o‘ylantirayotgan masala Lukakuni qanday to‘xtatib qolish bo‘lsa ajabmas. 28 yoshli hujumchi «Inter»da o‘zining yangidan-yangi qirralarini namoyish etmoqda. Mavsum yakunlariga ko‘ra, A Seriya chempioni va liga to‘purari bo‘lgan goleador tarkibda ekan, Martines qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

Ulkan jismoniy imkoniyati bilan har qanday «gigant» himoyachini dog‘da qoldirishi mumkin bo‘lgan Romeluda tezlik ham ancha yaxshi darajada. Bugun dunyo futbolida raqib darvozasiga teskari turgan holda to‘pni qabul qilib, bir o‘zi himoyachilar bilan yelkama-yelka kurashib, golgacha boradigan hujumchilar kam. Bir paytlar braziliyalik Adriano aynan mana shunday o‘yini orqali nom qozongandi. Lukaku Milanga bekorga kelmagan ko‘rinadi. Balki braziliyalik afsona uning kumiri bo‘lgandir...

Murabbiy va uning taktikasi

Roberto Martines klublar miqyosidagi katta natijalari bilan maqtana olmaydi. «Everton»dagi o‘rtamiyona faoliyatidan so‘ng, Belgiya milliy jamoasida ishlay boshladi. Ushbu jamoani boshqarishni boshlaganda, ko‘pchilik uning faoliyati uzoqqa bormasligini taxmin qilgandi. Yo‘q, ispaniyalik murabbiy jamoaga to‘liq mos keldi. Eng muhimi, ularga g‘oliblik mentaliteti va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni taqdim etdi.

Ingliz futbolida tajriba oshirgan ispan murabbiyi Belgiya bilan Yevropa chempionatini yutishga harakat qilib ko‘radi. Darhaqiqat, u boshchilik qilayotgan «qizil iblislar» o‘yinida ham ingliz, ham ispan futboli unsurlarini ko‘ramiz.

Qanotlardagi texnik mahorati yuqori futbolchilardan oqilona foydalanishi Ispaniya futbolidan olingan. Markaziy hujumchilar va markaziy yarim himoyachilarning faolligi va jismoniy kuchga tayanishi jihatidan ingliz futbolini yodimizga soladi.

4-5-1 taktikasi Roberto Martinesning eng ko‘p qo‘llaydigan taktik sxemasi. Millatlar ligasi o‘yinlarida ispan murabbiyi 3-5-2ni ham sinovdan o‘tkazib oldi. Timoti Kastan va Toma Mene kabi hujumga oson qo‘shiladigan qanot himoyachilari bilan o‘yinning o‘zida taktik sxemalarni o‘zgartirish oson kechadi. Hujumkorlik zarur bo‘lib qolgan taqdirda, Karrasko va Azarni qanotlarda o‘ynatish ham mumkin. Himoya 3ta markaziy fulbeklarga qoladi. Tayanch zonasida o‘ynovchi Dendonker va Tilemans kabi futbolchilar mudofaada yordam bera oladi.

Raqamlar

Saralash bosqichida Belgiyaga qarshilik qiladigan kuch topilmadi. Jamoa o‘zining barcha uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunladi va raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 10ta o‘yinda 40ta gol va 3ta o‘tkazib yuborilgan to‘p. Guruhdagi raqiblar orasida Yevropa chempionati ishtirokchilari Rossiya va Shotlandiya ham bo‘lgandi…

Millatlar ligasida Angliya bilan bir guruhdan joy olgan Martines shogirdlari pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Birgina uchrashuvda inglizlarga imkoniyat boy berildi. Mauntning super goli yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak?!

Qur'a Yevro-2020 guruh bosqichida ham ularga Rossiyani raqib qildi. Guruhdagi asosiy raqobatchilardan yana biri Millatlar ligasida ular bilan bir guruhda o‘ynagan Daniya bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, Belgiya uchun haqiqiy jang pley-offda boshlanadi, deyishimiz mumkin.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top