23:29 / 10.06.2021
15052
Foto: Toshkentda qurilayotgan «Prezident kutubxonasi» loyihasi

Toshkentdagi Milliy bog‘ hududida, yaqinda buzilgan «Navro‘z» to‘yxonasi o‘rnida uch qavatli kutubxona qurilmoqda. Kutubxona loyihasi 8 iyun kuni prezidentga taqdim etildi.

"O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 3 qavatli kutubxona qurilib, atrofida yashil hudud barpo etiladi.

Binoning birinchi qavatida san'at va axborot texnologiyalari, ikkinchi qavatda tarix, filologiya va dinga taalluqli, uchinchi qavatda ijtimoiy fanlarga oid adabiyotlar jamlanadi.

Rasmiy relizga ko‘ra, ushbu kutubxona jami 1,5 milliondan ortiq kitoblar fondini qamrab oladi.

Kutubxona qurilishining qiymati, moliyalashtirish manbasi, me'moriy loyiha muallifi va qurilish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar nomi ma'lum emas.

Loyihani 8 iyun kuni davlat rahbariga shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etdi.

Avvalroq, bir necha oy oldin ta'mirlangan «Navro‘z» qabullar uyi kutilmaganda buzib tashlangan, budjetdan pul sarflab ta'mirlangan binoning ko‘p o‘tmay buzilishi e'tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov bunga izoh berib, bino cho‘kkanini ta'mir paytida bilish qolishganini aytgandi.

O‘shanda shahar hokimligi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ hududida, xususan «Navro‘z» to‘yxonasining o‘rniga qanday obektlar qurilishi haqida ma'lumot bergandi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Milliy bog‘ hududida quyidagilar barpo etiladi:

  • 1,5 mln kitob fondiga ega kutubxona;
  • Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi;
  • Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi;
  • Milliy drama teatrning yangi binosi;
  • Davlat san'at muzeyining namoyishlari kompleksi (yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida).

Al-Xorazmiy va Botir Zokirov haykallari

8 iyun kuni prezidentga Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiyning yangi haykalini va uning atrofida xiyobon barpo etish loyihasi ham taqdim etildi.

Bundan tashqari, prezidentning 2020 yil 2 dekabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yilda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi nishonlanadi. Bu sana munosabati bilan Toshkent shahrida san'atkor haykalini o‘rnatish belgilangan.

Haykal eskizlari Badiiy akademiya tomonidan tanlab olingan.

Top