17:30 / 10.06.2021
16654

Gorizontal rivojlanayotgan mamlakat (foto)

Germaniyadagi sayohatlarim davomida ko‘pincha o‘zim uchun qiziqarli deb bilgan joylar va holatlarni suratlarga muhrlayman. Quyida ularning bir nechtasini ko‘rishingiz mumkin.  

Foto: UzbekLife

Germaniyaga kelib, «Puma» kiyimlar brendidan foydalanishni boshladim. Ushbu rasm «Puma» ning asosiy ofisi joylashgan, Xersogenaurax shaharchasida olingan. Ular yosh va harakatchan auditoriya uchun qulay va hamyonbop qiymatni yaratishadi. Eng qizig‘i, ushbu joydan bir kilometr masofada boshqa katta brendning shtab-kvartirasi joylashgan.

Sportga qiziquvchilar yaxshi bilishadi «Adidas» va «Puma» brendlari Dassler aka-ukalar tomonidan Germaniyada yaratilgan. Ko‘p yillar mobaynida ular birga ishlashgan. Adi mahsulot chiqarish sifatiga javob bergan, Rudolf esa sotish va marketing ishlari bilan shug‘ullangan.     Oilada nizolar kelib chiqishi sababli, 20 asrning ikkinchi yarmida ular ajralib, ikkita raqobatchi brendlarga aylanishgan.

Germaniyaga endi 2019 yilga uchib kelganimda Magdeburg shahrida o‘qishni boshladim va shunga o‘xshash uyda bir yarim yil yashagan edim. Ushbu chiroyli uy 1887 yilda qurilgan va bugungacha a'lo darajada foydalaniladi. Nemislar haqiqatdan muhandislar xalqi, deb o‘ylayman. Ularning mahsulotlari odatda yuqori sifatga ega. Ahamiyat berdim, ular barcha resurslarni samarador va tejamkor ishlatishadi.

Germaniyada mening e'tiborimni tortgan va suratga muhrlangan holat. Tavsif kerak emas, deb o‘ylayman. Ko‘p narsani shunday ham ko‘rib o‘rgansa bo‘ladi.

Gamburg porti. Globalizatsiya jarayoni tezlashgani sari xalqaro savdo shaharlari rivojlanadi.

Yaxshilab e'tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu rasmda fillar yoki jirafalar to‘dasi suv ichgani orol bo‘yida egilayotganga o‘xshaydi.

Berlin Germaniyaning poytaxti. Ushbu mashinalardan qaysi birini tanlagan bo‘lar edingiz. Men bir umr Mersedes brendini ma'qul ko‘rganman. Toshkentda doimo yashil Mersedesda maktabga borardim, Berlinda esa sariq rangiga o‘tdim. Qizig‘i shuki, Germaniyaning eksport mahsulotlarida birinchi o‘rinni avtomashinalar egallaydi. Yiliga taxminan 150 milliard yevroga yaqin qiymatni avtomobil chiqaruvchi yirik korxonalar dunyo bo‘ylab eksport qilishadi.

Myunxen shahri chekkasi. Metro bekatiga kirishida joylashgan avtoturargoh. To‘g‘rirog‘i, veloturargoh. Bu holatni ko‘rib, hayratda qoldim. Davlat gorizontal holatida rivojlanayotgani uchun, shaharlar bilan qishloqlarda sharoitlar deyarli bir xil. Imkoniyatlar har xil bo‘lishi mumkin, lekin yirik korxonalarga yaqin joylashgan qishloqlarda odatda yer juda qimmat bo‘ladi. Bundan tashqari, bitta kuchli markaziy shahar yo‘q.

Har bir shahar o‘z kuchli tomonlariga ega: Misol uchun, Berlin siyosiy va madaniy markaz bo‘lsa, Gamburg xalqaro savdo bilan jalb qiladi. Frankfurtda moliya rivojlangan. Myunxen shahrida texnologiyalar, moshinasozlik va hakazo.

Ko‘p misollarni keltirsa bo‘ladi. Muhimi, ushbu jarayonlar tufayli, ko‘pchilik shaharlarda emas, balki shaharlardan tashqaridagi kichik qishloqlarda yashashni afzal ko‘rishadi. Har kuni eng yaqin metro yoki temir yo‘llar bekatiga velosipedlarda kelib, ishga shaharga ketishadi. Yoki teskarisi: shaharlardan qishloqchalarga ishga borishadi. Chunki ko‘p yirik kompaniyalarning ofislari va zavodlari cho‘l o‘rtasida joylashgan. Infrastruktura rivojlangani uchun, A nuqtadan B nuqtaga harakat qilish oson va butun boshli 80 million aholi doimo harakatda.

Germaniyaning tabiatini yaxshi ko‘raman. Umuman, tabiatga bo‘lgan mehrga, ekologiyaga munosabatga qoyil qolaman. Maktabdan bo‘shab, ular tabiat bilan garmoniyada yashashni o‘rganishadi.

Berlin shahrida park madaniyati yaxshi rivojlangan. O‘nlab parklarda minglab hamshaharlar chiroyli dam olishadi: baqir-chaqir qilmasdan, suhbat davrada, kichik pikniklarni manzur ko‘rishadi. Eng muhimi, parklarda chiqindilar deyarli uchramaydi. Jamiyatning rivojlanishi yuksak madaniyatga bog‘liq.

Bavariya tog‘lari. Kyonigzeye. Tasvirlar qoldirmasa ham bo‘ladi. Shunchaki chiroyli maskan. Suv juda sovuq bo‘lsa ham, cho‘milib ko‘rganmiz.

BMW muzeyi. Bilasizmi, ushbu rasmlarni ko‘rib, bir fikr keladi. Rivojlangan jamiyatlar o‘z yalpi ichki mahsulotlarini inson kapitali bilan yaratish qobiliyatiga ega. Rivojlanayotgan jamiyatlarning yalpi ichki mahsulotlari esa, asosan, tabiiy resurlarga bog‘liq. «Biz butun dunyoda tan olingan yuqori sifatli mahsulotlarni yarata olamizmi?» degan savolni o‘zimizga berishimiz mumkin. Yoki biz faqatgina yerni qazib, xomashyo resurslarni sotishni ma'qul ko‘ramizmi. Dunyoviy bilimlarga chanqoq bo‘lsak, sifatli ta'limga uzoq muddatda e'tibor bersak, bizdan ham dunyoda tanilgan brendlar chiqadi, deb o‘ylayman.

Temur Umarov

UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti

Top