22:13 / 10.06.2021
10487
Hindiston vizasi haqida nimalar ma'lum?

UzbekLife xorijiy mamlakatlarning vizalari haqidagi turkum maqolalarni davom ettiradi. Ushbu maqola orqali Hindiston davlati vizasi, turi va uni olish tartibi haqida ma'lumot olishingiz mumkin.

Foto: Getty Images

Hindistonga viza olishning ikki xil usuli bor: Elchixona orqali va elektron.

Quyida har biriga alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Hindiston elektron vizasi nima?

Hindiston hukumati 180 ta davlat fuqarolariga elektron viza taqdim etadi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Bu pasportingizda shtamp bo‘lmasa ham, Hindistonga kira olasiz, degani. Mazkur yangi turdagi viza Hindiston elektron vizasi, deb ataladi.

Hindiston elektron vizasi orqali beshta asosiy maqsad – turizm, sog‘liqni tiklash, qisqa muddatli kurslar, biznes va konferensiyalarda qatnashish uchun beriladi. Bularning har biri o‘z navbatida subkategoriyalarga bo‘linadi.

Hindistonga kirish uchun barcha chet el fuqarolari Hindiston elektron vizasi yoki qog‘oz vizaga ega bo‘lishi kerak.

Hindiston elektron vizasini olishga ruxsat etilgan 180 ta davlat fuqarolari viza olish uchun Hindiston elchixonasiga borib o‘tirmaydi. Internet orqali vizaga ariza topshiriladi. Sizga elektron viza chiqqach, uni xohlasangiz mobil telefoningizda olib yurishingiz yoki qog‘oz shaklda chiqarib olishingiz mumkin. Mamlakat chegarasidagi Immigratsiya ofitseri elektron vizangiz tizimga kiritilgan pasport ma'lumotlariga to‘g‘ri kelishini va u sizga tegishli ekanini tekshiradi. 

Hindiston hukumati tomonidan ham elektron viza qog‘oz nusxadagi vizaga qaraganda ma'qul ko‘riladi. U xavfsiz va ishonchli hisoblanadi.

Hindiston elektron vizasining turlari

Hindiston elektron vizasining umumiy beshta toifasi bor:

  • Sayyohlik maqsadlari uchun “e-Tourist Visa”
  • Biznes masalasidagi sayohat uchun “thee-Business Visa”
  • Tibbiy maqsadlar uchun “the e-Medical Visa”
  • Tibbiy xizmat ko‘rsatish sabablari uchun “the e-Medical Attendant Visa”
  • Konferensiya maqsadi uchun “the e-Conference Visa”

Sayyohlik vizasi – turizm, do‘stlarni ko‘rish, qarindoshlarning oldiga tashrif buyurish, qisqa muddatli yoga dasturi va hatto bir oylik volontyorlik ishlari uchun beriladi.

Biznes vizasi Hindistonda xaridlarni amalga oshirish, savdo qilish, texnik/biznes uchrashuvlarda qatnashish, sanoat/biznes korxona tashkil etish, turlar tashkil qilish, ma'ruzalar o‘qish, aholini ish bilan band qilish, ko‘rgazmalar yoki mehnat yarmarkalarida qatnashish, biror loyihada ekspert sifatida ishtirok etish uchun beriladi.

Tibbiy viza qisqa muddat ichida Hindistonda davolanish uchun beriladi. Mazkur viza bilan bemor umumiy hisobda mamlakatga 3 marta kirishi mumkin. Viza faqatgina bemorning o‘ziga berilib, oila a'zolari tibbiy xizmat ko‘rsatish vizasidan foydalanadi.

Tibbiy xizmat ko‘rsatish vizasi Hindistonga davolanish maqsadida kelayotgan bemorning qarindoshiga beriladi. Odatda bunday viza oladigan oila a'zolar soni ikkitadan oshmasligi kerak. Tibbiy xizmat ko‘rsatish vizasini olgan shaxs bemorning Hindistondagi davolanish davrida yonida bo‘lishi kerak.

Konferensiya vizasi Hindistonga muayyan masalani muhokama qilish yoki xalqaro konferensiya va seminarlarda qatnashish uchun keladigan shaxslarga beriladi. Lekin bunday vizani olish uchun delegatlar tashkilotchi yoki Hindiston hukumatidan seminar/konferensiyaga olgan taklifnomasini taqdim etishi lozim. Viza 30 kungacha amal qiladi va mamlakatga bir marta kirish huquqini beradi.

Hindiston elektron vizasini olishda nimalar so‘raladi?

Agar Hindistonga elektron viza olish uchun hujjat topshirayotgan bo‘lsangiz, sizdan quyidagilar so‘raladi:

  • Pasport ma'lumotlaringiz;
  • Manzilingiz;
  • Elektron pochta manzilingiz;
  • Debit/Kredit karta yoki PayPal orqali to‘lov
  • Muqaddam sudlanmagan bo‘lishingiz.

Hindiston elektron vizasining asosiy xususiyatlari:

  • Sayyohlik vizasi bilan 1 yilda 180 kungacha mamlakatda qolishingiz mumkin.
  • Sayyohlik vizasining 30 kunda amal qilish muddati tugaydi degani Hindistonda 30 kun qolasiz degani emas, balki 30 kun ichida Hindistonga kirishingiz kerak ekanini nazarda tutadi.
  • Hindiston elektron vizasini bir turdan boshqa turga o‘zgartirib bo‘lmaydi, uzaytirib bo‘lmaydi va bekor qilib bo‘lmaydi.
  • Pasportingiz Hindistonga qo‘nganingizdan keyin yana 6 oy davomida amalda bo‘lishi kerak.
  • Vasiylar vizaga ariza to‘ldirayotganda bolalarini qo‘shmasligi kerak. Hindistonga viza olish hujjatlarini hamma alohida to‘ldiradi. Oilaviy viza yoki guruh vizasi degan narsa yo‘q.
  • Garchi elektron viza olsangiz ham, pasportingizda mamlakatga kirish/chiqish shtapmi bosishlari uchun 2 ta bo‘sh sahifasi bo‘lishi kerak.

Ziyodaxon G‘ulomova
UzbekLife kolumnisti

Top