15:06 / 10.06.2021
16933

Jizzaxda yuk ortish talablarini buzgan haydovchilar M39 xalqaro yo‘lini yopib qo‘ydi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yuk ortish qoidalarini buzib harakatlanayotgani uchun YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan haydovchilar M39 xalqaro avtomobil yo‘lini yopib qo‘ygan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 4 iyun kuni soat 6:15 larda Jizzax viloyat IIB YHXB xodimlari G‘allaorol tumanida joylashgan «Sangzor-15» YPX maskanida yuk ortish talablarini buzgan haydovchilarga chora ko‘rish uchun reyd o‘tkazgan. Ular yuk ortish qoidalarini buzgan holda pichan, beda va somon bog‘lamlarini belgilangan o‘lchamlardan oshiq qilib ortgan yuk mashinalarini to‘xtatgan va qoidabuzarliklarni rasmiylashtira boshlagan.

Qayd etilishicha, o‘sha paytda bir guruh haydovchilar YPX xodimlarining xatti-harakatiga norozilik bildirish maqsadida o‘z boshqaruvidagi yuk mashinalari bilan M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Oqibatda mazkur yo‘lda qatnov to‘xtab qolgan va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari o‘z mashinalari bilan harakatlana olmagan.

YPX xodimlari qisqa muddatda yo‘lni ochib, avtomobillar qatnovini qayta tiklagan. Yo‘lni ochish paytida ayrim haydovchilar YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. Ayrim haydovchilar esa mashinasini yo‘lning o‘rtasiga qo‘yib, hodisa joyidan ketib qolgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur hodisa yuzasidan huquqbuzarlik sodir etgan haydovchilarga nisbatan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudiga yuborilgan. Sud huquqbuzarlarni Ma'muriy kodeksning 194, 196 va 201-moddalari bilan aybdor deb topib, Zomin tumanida yashovchi besh nafar shaxsga 10 sutka, bir nafar shaxsga 12 sutka ma'muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Top