00:00 / 10.06.2021
18397
Olimlar koronavirusni boshdan kechirganlarda umrbod immunitet shakllanishi mumkinligini aytishmoqda

COVID-19 bilan kasallangan odamlarda shunday barqaror immunitet shakllanadiki, bu tuzalib chiqqan bemorni bir necha o‘n yil mobaynida kasallikka qayta chalinishdan himoyalashi mumkin. Hatto bemor kasallikning nisbatan yengil shaklini boshdan kechirgan bo‘lsa ham.

Bunday kutilmagan xulosaga bir paytning o‘zida amerikalik ikki olimning tadqiqotlaridan so‘ng kelindi. Birinchisi Sent-Luisdagi Vashington universiteti (Missuri shtati) immunologining tadqiqoti bo‘lib, shu hafta Nature jurnalida chop etildi. Ikkinchisi Nyu-Yorkdagi Rokfeller universiteti molekulyar biologiya laboratoriyasi jamoasi tomonidan yozilgan. Bu maqola hali ilmiy hamjamiyat tomonidan tekshiruvdan o‘tmadi va hozircha preprint shaklida nashr qilindi.

Oxirgi damlargacha koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet ko‘pga cho‘zilmaydi deb hisoblab kelindi. Bunday xulosaga olimlar ko‘plab tekshiruvlar o‘tkazib kelishgan edi. Tekshiruvlar aksar patsiyentlardagi qondagi spetsifik antitanachalar konsentratsiyasi tuzalgandan bir necha oy o‘tib birdaniga tushib ketishini ko‘rsatgan edi.

Ko‘plab mutaxassislar samarali immun himoyasi taxminan 1,5-2 yil davom etadi deb baholashgan edi. Binobarin yangi tekshiruvlarning natijalari ular uchun yoqimli yangilik bo‘ldi.

Umuman olganda, BBC’ga javob bergan mustaqil ekspertlar yangilikka hissiyotsiz yondashishni va erta quvonmaslikni maslahat berishmoqda. Alaloqibat, ilmiy adabiyotda koronavirus bilan takroriy kasallanish bo‘yicha bir necha holatlar qayd etilgan. Bir umrlik immunitet esa – haqiqatga yaqin bo‘lsa-da – hozircha nazariya bo‘lib qolmoqda.

Dushman yuzini eslab qolish

Spetsifik immunitetni (ya'ni, aniq bir kasallikdan himoya qiluvchi) tanamizda nafaqat qondagi antitanachalar balki T-xotira hujayralari ham ta'minlaydi.

Yangi, noma'lum infeksiyani uchratgach va unga mos kalitni tanlab olgach, limfotsitlar zararkunandani eslab qoladi va takroriy shikastlanishda kerakli shaklda neytrallashtiruvchi antitanachalarni ishlab chiqara boshlaydi hamda tezkor va samarali immun javobini beradi.

Sent-Luisdagi Vashington universiteti Tibbiyot maktabi olimlari koronavirusning yengil shaklini boshdan kechirgan 77 bemorning (ularning 6 nafarigina kasalxonaga yotgan) qoni holati va o‘zgarishlarini qariyb bir yil davomida kuzatib borishgan.

Shu muddatning qariyb barcha davrida bemorga kasallik bilan kurashishda madad bergan himoya antitanachalar konsentratsiyasi pasaya boshlagan: avvaliga juda tez (o‘rtacha tuzalgandan so‘ng to‘rt oylar o‘tib), keyin esa sekinroq.

Biroq tadqiqotning asosiy muallifi, immunologiya bo‘yicha professor Ali Allabodiyning aytishicha, antitanachalar darajasi qayergadir kelganda pasayishdan to‘xtagan va tekislikka chiqqan. Koronavirus haqidagi axborotni saqlovchi xotira hujayralari faollikni saqlab qolgan va bemorga zarur bo‘lgan qandaydir minimal darajadagi himoya molekulalarini qo‘llashda davom etgan.

«Biz patsiyentlarda kasallik simptomlari ma'lum bo‘lgach, oradan 11 oy o‘tib [Sars-Cov-2 virusiga qarshi] antitanachalar ishlab chiqaruvchi hujayralarni aniqladik. Bu hujayralar patsiyent tanasida yashashda davom etadi va u hayot ekan zarur antitanachalarni ishlab chiqaraveradi. Demak, immunitet uzoq davom etadi», deydi Ali Allabodiy.

Qonning oddiy tahlillaridan tashqari yigirma nafar patsiyentdan olimlar tadqiqot uchun miya to‘qimalaridan namuna olishdi: avvaliga kasallikdan 7-8 oy o‘tib, keyin bir yil o‘tib. Xotiraning kovid antitanachalari ishlab chiqarishga dasturlangan spetsifik T-limfotsitlari 19 namunaning 15tasida aniqlangan.

Nazorat guruhi tahlillarida (aniqrog‘i virus bilan kasallanmagan odamlarda) virusga qarshi «tayyorlangan» hujayralarni aniqlash imkoni bo‘lmadi.

«Cheklanmagan muddat»

«Agar koronavirus bemorda yengil shaklda o‘tadigan bo‘lsa, shikastlanishdan 2-3 hafta o‘tgach testlar uning tanasida virus mavjudligini ko‘rsatmay qo‘yadi», deya eslatadi professor Allabodiy. Binobarin, aniqlangan xotira hujayralari «yap-yangi» immun javobi bo‘lishi mumkin emas.

«Miya suyagi to‘qimasida ular o‘ziga xos uyquda bo‘ladi va qandaydir miqdorda antitanachalar ishlab chiqarishda davom etaveradi. Ular patsiyent tuzalishidan avval shunday bo‘lgan – va buni cheklanmagan muddatda bajarishda davom etishadi», deb tushuntiradi professor.

Nature nashridagi maqola mualliflarining so‘zlariga qaraganda, mantiqan emlanish natijasida shakllangan immunitet ham shunday xususiyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, koronavirusni hech qanday simptomlarsiz o‘tkazgan bemorlar ham shunday uzoq himoyadan umid qilishlari mumkin.

Umuman olganda, koronavirusni og‘ir kechirganlar qanchalar himoyalanganini aniqlashtirish kerak. Og‘ir bemorlarda infeksiyaga gipertrofiyalangan reaksiya amalda autoimmun kasallikka aylanib (tsitokoin shtorm deb nomlasa ham bo‘ladi) organizmni zaiflashtirib, uzoq muddatli immunitet shakllanishiga to‘sqinlik qiladi degan versiya ham mavjud.

Tadqiqotga aloqasi bo‘lmagan mustaqil ekspertlar maqola mualliflarining farazlariga qo‘shilishgan, ammo uzil-kesil xulosa qilishga shoshilmaslikka chaqirishmoqda.

London Imperial kolleji immunologiya professori Denni Oltmanning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik olimlarning ishi immun xotira – mo‘rt va murakkab tuzilmagan ega materiya ekanini yana bir eslatdi.

«Bir tomondan qon zardobidagi antitanachalar darajasi tezda tushib ketishini ko‘rib turibmiz va bizni immun himoya uzoq davom etmaydi deb taxmin qilishga majbur qilyapti. Boshqa tarafdan qaraganda esa, ushbu antitanachalarni ishlab chiqarishga o‘rgatilgan hujayralar yashovchanlikni uzoq muddatga saqlab qoladi va zarur paytda yana konveyerni ishga tushirishi mumkin», deya fikrlaydi u.

«Ular qila olishganmi, qila olishyaptimi va qila oladilarmi – ular ishga tushadimi-yo‘qmi, bu faraz kurashlar orqali chinakam sinovdan o‘tmaguncha bila olmaymiz. Agar bu nazariya to‘g‘ri bo‘lsa, masalan, kamroq emlanamiz», deya tushuntiradi u.

Oltmanning Reding universiteti farmatsiya maktabidagi hamkasbi professor Aleksandr Edvardsning fikrida optimizm kamroq. Oxir-oqibat immun tizimining samaradorligi nafaqat antitanachalar adadi va ularni ishlab chiqaruvchi hujayralar mavjudligiga, balki virusning o‘ziga ham bog‘liq. Axir virus mutatsiyaga uchrashda davom etaveradi.

«Baxtga qarshi immun tizimi hujayralarining hech bir o‘lchovi bizga takroriy kasallanish bo‘lish-bo‘lmasligini aniq taxmin qilish imkonini bermaydi. Shuningdek, qachon qayta shikastlanish sodir bo‘lishi, u qanday kechishini ham oldindan aytish mushkul», deya ta'kidlaydi professor Edvards.

«Albatta immunologlarning ma'lumotlari muhim va bu ajoyib yangilik, biroq bu bizga epidemiya qay tariqa rivoj topishi borasidagi savollarga javob bermaydi. Bu savolga faqat sog‘ayib ketgan va hali kasallanmagan patsiyentlar ustida o‘tkazilgan monitoringga asoslangan epidemiologik tadqiqotlar javob berishi mumkin. Bu tadqiqotlar esa, hozircha takroriy kasallanish ehtimoli borligini ko‘rsatmoqda», deya fikriga yakun yasagan professor.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top