16:53 / 10.06.2021
7489

Samarqand va Xatlonda ijtimoiy muassasalar ochildi

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach, O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo etilgan ijtimoiy obektlarning rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdi.

Xatlon viloyatining Qubodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi O‘zbekiston tomonidan qurilgan. Ushbu 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, ko‘z xastaliklari, intensiv davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tug‘ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo‘linmalari mavjud.

Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumta'lim maktabi barpo etilgan. U 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar uchun sinflar mavjud. O‘quv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta'minlangan.

Marosimda ikki mamlakat vakillari so‘zga chiqib, davlat rahbarlariga birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga, fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratayotgan alohida e'tibori uchun minnatdorlik bildirdilar.

Top