21:35 / 10.06.2021
2189
Surxondaryoda mashina savdosi bilan shug‘ullangan firibgarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida mashina savdosi bilan shug‘ullangan firibgarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 1 may kuni Uzun tumani Yangiro‘zg‘or mahallasida yashovchi, X.Rahmonali tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida 2021 yil 5 mart kuni tumanning Obizarang mahallasida yashovchi Q.Parviz uning «VAZ-2104» rusumli mashinasini 33 million so‘m evaziga sotib olishini va'da qilib, pulni 20 martgacha berishini aytib, aldab ketganini bildirgan.

Bundan tashqari, 2021 yil 3 may kuni tumanning Navro‘z mahallasida yashovchi uy bekasi, F.Hayitxol tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida, Q.Parviz 17 aprel kuni uning «VAZ-2105» rusumli mashinasini 13 million so‘mga sotib olib, pulni bermasdan mashinani boshqa shaxsga sotib yuborganini bildirgan.

Qayd etilishicha, 18 may kuni tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Q.Parvizga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-3-qismi «a, b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top