18:53 / 10.06.2021
4046
Toshkent davlat transport universiteti delegatsiyasi Sankt-Peterburgda: hamkorlikning yangi bosqichi boshlanyapti
Foto: Toshkent davlat transport universiteti

Toshkent davlat transport universiteti delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib qaytdi.

Safar davomida universitet prorektorlari Bahodir To‘rayev va Abdulaziz Gulyamov Peterburg davlat yo‘l aloqalari universiteti rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Peterburg universiteti birinchi prorektori Tamila Titova bilan ta'lim sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Xalqaro transport ta'limini rivojlantirish mexanizmlari va ustuvor vazifalari, hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlashning muhim yo‘nalishlari, ilm-fan sohasida o‘zaro istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari tahlil qilindi.

Muloqot davomida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, 2021/2022 o‘quv yilidan ikki tomonlama diplom beruvchi 1+1 shaklidagi qo‘shma ta'lim dasturiga muvofiq 7 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura bosqichiga talabalar qabul qilinadi.

Shuningdek, transport ta'limi rivojlanishining innovatsion yo‘lini ta'minlash, sohada ilmiy tadqiqotlar natijalari raqobatbardoshligini oshirish, ulardan iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlari yo‘lida foydalanishni jadallashtirish maqsadida hamkorlikda Toshkent davlat transporti universiteti qoshida Temir yo‘l transportida ilmiy-tatbiq ekspert markazini tashkil etish rejalashtirildi.

Rossiya, Germaniya, Xitoy, Ispaniya, Yaponiya, Afrika davlatlari bilan hamkorlikda Tezyurar transport tizimlari yo‘nalishi bo‘yicha ko‘p tarmoqli universitet ta'lim dasturini yaratishga kelishildi. Unga muvofiq 2021/2022 o‘quv yilidan ko‘p tarmoqli universitetga qabul qilingan bakalavr talabalari yagona ta'lim dasturi asosida 7 ta davlatlar transport universitetlariga bir semestr uchun o‘qishga yuboriladi. Natijada bitiruvchilar hamkor davlat universitetlarining diplomlariga ega bo‘ladi.

P/S: Hozirgi vaqtda Peterburg davlat yo‘l aloqalari universitetida Toshkent davlat transport universitetidan 29 nafar aspirant hamda doktorantlar turli mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda.  

Toshkent davlat transport universiteti axborot xizmati Ⓣ

Top