08:09 / 10.06.2021
6881
Toshkentda gaz balloni o‘rnatilgan avtomobillar texnik holati tekshirilmoqda

Toshkent shahar YHXB xodimlari gaz balloni o‘rnatilgan avtomobillarning texnik reglamentga muvofiqligini tekshirish ishlarini olib borishmoqda. Bu haqda poytaxt IIBB xabar qildi.

Bildirilishicha, Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida avtomobil haydovchilari tomonidan avtomobildan foydalanish qoidalari buzilgani oqibatida gaz balloni jihozlari portlashi bilan bog‘liq holatlar texnik reglament talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatgan.
  
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati tomonidan 4 iyun kuni mazkur yo‘nalish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 noyabrdagi  “Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi 326-son qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli o‘tkazish hamda ularda gaz balloni asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni ta'minlash qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 815-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 4 iyuldagi “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risida” umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi 191-son qarori bilan tasdiqlangan IIVning 2021 yil 15 may kunidagi 24/3-7331-son ko‘rsatmasiga asoslangan maxsus tadbir uyushtirildi.

Toshkentning avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bir qator jiddiy qoidabuzarliklar qayd etilgan. Jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari xodimlari belgilangan texnik reglament talablariga rioya qilmasliklari, o‘rnatilgan gaz balloni jihozi dalolatnomasi muddati o‘tganini tekshirish ishlari (opressovka) o‘tkazilmasligi aniqlandi. Ushbu omil siqilgan tabiiy gaz konsentratsiyasining ma'lum darajadan oshish xavfini tug‘dirib, keyinchalik portlashga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek aniqlanishicha, transport vositalarida o‘rnatilgan gaz ballonlari davlat standarti talablariga muvofiq emasligiga qaramasdan, ular hatto me'yordan oshiq darajada gaz bilan to‘ldirilmoqda. Natijada, gaz ballonidagi bosim belgilangan 200 MPa me'yoridan oshmoqda.

Masalan:

  • Uchtepa tumanidagi “POWER-AVTO GAZ” MChJda “Nexia” avtomobili tekshirilganda gaz bosimi 250 MPa ekani ma'lum bo‘ldi;
  • Mirobod tumanidagi “Mirobod Metan” MChJ AGYoQShdan chiqib kelayotgan “Cobalt” avtomobili ko‘zdan kechirilganda, undagi gaz bosimi ko‘rsatkichi 220 MPani tashkil etdi;
  • Chilonzor tumanidagi “Tashbus GAZ servis” MChJ AGYoQShdan chiqib kelayotgan “Cobalt” avtomobili tekshirilganda, gaz bosimi 210 Mpa ekani aniqlandi;
  • Yashnobod tumanidagi “Gaz to‘ldirish stansiyasi” MChJdan chiqib kelayotgan “Zil-138” yuk avtomobili ko‘zdan kechirilganda, gaz balloni jihozi dalolatnomasi (opressovka) muddati o‘tgani aniqlandi;
  • Olmazor tumanidagi “Carat Gaz-oil” MChJga tegishli AGYoQShdan chiqib kelayotgan “Spark” avtomobili ko‘zdan kechirilganda, undagi gaz bosimi 240 MPani tashkil etdi;
  • Bektemir tumani “Bektemir metan” MChJga tegishli AGYoQShdan chiqib kelayotgan “Damas” avtomobili tekshiruvi undagi gaz bosimi 230 MPa ekanini ko‘rsatdi;
  • Sergeli tumanidagi “Shaffof metan servis” MChJga tegishli AGYoQShdan chiqib kelayotgan “Labo” avtomobilining gaz bosimi 220 Mpa, “VAZ 2101” avtomobilining gaz bosimi 210 MPani tashkil etib, shuningdek unda gaz balloni jihozi dalolatnomasi (opressovka) muddati o‘tgani aniqlangan.

“Gaz balloni jihozlaridan foydalanish qoidalari buzilishi jiddiy jarohat yoki hatto o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishingizni so‘raymiz. Belgilangan vaqtda gaz balloni jihozi dalolatnomasi muddati o‘tganini tekshirish ishlarini (opressovka) o‘tkazing. Baxsiz hodisa sizni chetlab o‘tishidan umid qilib yurish – katta xatodir. Ushbu masalada mas'uliyatni his qilib ish tutishingizdan umidvormiz”, deyiladi xabarda.

Top