18:42 / 10.06.2021
13015
Zamonaviy o‘qituvchi imiji, ta'limda demokratik yondashuv va qoliplar. Uychilik maktab direktori bilan suhbat

«Ma'lum bir davrlar bo‘ldiki, o‘qituvchi qoliplangan va o‘zgarmas standartlar asosida 10-20 yillab ishladi, ammo «upgrade» uchun deyarli hech qanday talab bo‘lmadi. Ya'ni o‘qituvchidan zamonaviylashish, bilimlarni yangilashni emas, qoliplangan mahsulot talab qilindi. Oqibatda «o‘tmas» o‘qituvchi, populist rahbar va ularning mahsuloti sifatida «sayroqi», lekin bilimsiz kadrlar yetishtirildi».

Bahromjon Mirzayev – ko‘p yillardan buyon Namangan viloyati Uychi tumanida ham o‘qituvchi, ham maktab direktori sifatida faoliyat yuritmoqda.

Tajribali pedagog Kun.uz muxbiri bilan suhbatda zamonaviy o‘qituvchi dunyoqarashi, o‘qituvchidan zamonaviylashish va bilimlarni yangilash emas, qoliplangan mahsulot talab qilingani, o‘qituvchi–o‘quvchi–ota-ona munosabatidagi ziddiyatlar ildizi haqida so‘z yuritdi; o‘qituvchi mavqeyini oshirish borasidagi takliflarini bildirdi.

«Pedagoglikka muhabbat bolaligimdan yuqqan. Namangan davlat universitetining geografiya-iqtisod fakultetini tamomlab, 1999 yildan buyon o‘qituvchilik qilaman. Hozirda Uychi tumanidagi 40-maktabda direktor sifatida ishlayman. Hozirgacha umumiy stajim 22 yil. Rahbarlikda 15 yilga o‘tyapti, inshaalloh», – deydi Bahromjon Mirzayev.

– O‘qituvchi uchun dunyoqarash kengligi va zamonaviyligi – bu tushunchani qanday izohlaysiz?

– Jamiyat uchun o‘qituvchi-murabbiyning o‘rni va roli beqiyos. Ularning saviyasi jamiyatni yo tubanga, yoki yuksakka olib boradi. Keng dunyoqarashi, zamonaviy fikrlashi – o‘qituvchining «tipaj ko‘rinishi» bo‘lishi shart.

Shu o‘rinda ta'kidlardimki, o‘qituvchi o‘zining jamiyat rivojlanishi yo‘lidagi «lokomotiv» ekanini tushunmasa va buni bajara olmasa, yaxshisi bu kasbni tark etishi kerak.

Dunyoda hamma kasblar muhim, har birining o‘z o‘rni, falsafasi bor. Ammo hech bir kasb ommaviy ta'siri bo‘yicha ustozlik va murabbiylik bilan barobar bo‘lolmaydi. Tushunarli bo‘lishi kerakki, o‘qituvchi – ulkan mas'uliyatli, hur fikrli va o‘sib boruvchi bilim egasi. Zamonaviylik uning majburiy sifati, bilimiga qanday talab bo‘lsa, unga ham shunchalik qat'iy talab bo‘ladi. Ya'ni bilim bu zamonga muvofiqlashtirib borilmasa, nafi va dolzarbligi kamayib boradi. Demak, keng dunyoqarash, hur fikrlash va zamonaviylik – o‘qituvchining majburiy kasb talabi. Shu jumladan, rahbarning ham.

Maktab direktori deganda mening ko‘z o‘ngimda barcha o‘qituvchini muvofiqlashtiruvchi, ularning kasbiy, ilmiy, insoniylik fazilatlarini bir vaqtda nazorat qiluvchi, ularning o‘sib borishiga da'vat qiluvchi, shu bilan birga minglab ota-onalarning mushtarak bo‘lmagan istaklarini ro‘yobga chiqarishning optimal konsepsiyasini ishlab chiquvchi va bu ishni maksimal darajada silliq amalga oshirishni ta'minlashni zimmasiga olgan, murakkab pedagogik-psixologik yuklamalar ostida turgan shaxs gavdalanadi.

Yoshlar zamonaviy, intiluvchanligi bilan ajralib tursa, keksa avlod bilim va tajribasi bilan ajralib turishini ta'kidlagan bo‘lardim.

Shu o‘rinda ta'kidlardimki, bunday holat qanday kelib chiqdi? Avvalo, o‘qituvchi so‘ralgan talab asosida ishlaydi. Har qaysi zamon va makonda talabgir nimani xohlasa, shuni bajaradi, ya'ni talab va taklif allaqachon bu kasbda amalda bo‘lib kelgan. Ma'lum bir davrlar bo‘ldiki, o‘qituvchi qoliplangan va o‘zgarmas standartlar asosida o‘n yil, yigirma yillab ishladi. Ammo «upgrade» uchun deyarli hech qanday talab bo‘lmadi. Ya'ni o‘qituvchidan zamonaviylashish, bilimlarni yangilashni emas, qoliplangan mahsulot talab qilindi. Oqibatda «o‘tmas» o‘qituvchi, populist rahbar va ularning mahsuloti sifatida «sayroqi», ammo hech qanday bilimga ega bo‘lmagan kadrlar yetishtirildi.

Ta'limning sifatsizlashuviga sabab qilib (o‘ta shaxsiy fikr) mashhur DTSni ko‘rsatardim. Keyingisi, belgilangan (aslida normativ hujjatlarda bunday bo‘lmasligi ta'kidlangan) G‘OYaviy qoliplar. Davlat ta'lim standarti juda ko‘p yillar maqtaldi. Ammo guvohmanki, o‘sha standartlarning minimali ham bajarilmadi. Chunki u qotib qolgan, zamonaviylashuv talabi qo‘yilmagan qolip edi.

Bugungi kundagi o‘qituvchining zamonaviy bilimlar bilan qurollanish darajasi pastligi o‘sha davr bilan chambarchas bog‘liq. Lekin o‘zgarishlar bo‘lyapti. Holat yaxshi tomonga o‘zgaryapti. Katta o‘zgarishlar aniq ko‘rinishiga vaqt kerak baribir.

– O‘qituvchi – o‘quvchi – ota-ona munosabati bugun qanday bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz?

– Umuman olganda, O‘zbekistonda maktab va oila o‘rtasida ziddiyat mavjud va bu judayam sezilarli. Bunga sabab – egiluvchan bo‘lmagan, individual yondashilmaydigan, muqobili yo‘q ta'lim talablari va xizmati hamda ilmning qadrsiz istiqboli.

O‘quvchi va o‘qituvchi orasidagi munosabatlarda ham sezilarli ziddiyat mavjud va buning sababi o‘quvchining istaklari, qiziqishlari va shaxsiyati e'tiborga olinmasligi hamda oiladagi tarbiya muhiti.

O‘qituvchi doimo shaxs tarbiyalayotganini anglashi va o‘sha shaxsning MeNi, qiziqishlari va maqsadlarini anglashi, uni tinglashi, ruhiyatini o‘zgartira oladigan yondashuvlarga ega bo‘lishini davr taqozo etyapti. Bu demokratik yondashuv desa bo‘ladi. Bola potensial o‘qituvchi va otasi o‘rtasida aloqalarni yaxshi yoki yomon tomonga burib yuborish qudratiga ega axborot tashuvchisi ekanini unutmagan holda «podxod» qilsa, munosabatlar do‘stona ko‘rinishda bo‘ladi.

Bu muhit o‘qituvchining ota-onasiga ularning fikri, ta'limga, maktabga va o‘qituvchining shaxsiga va hatto fe'liga ta'sir ko‘rsatish imkonini beradi.

Agar o‘qituvchi anarxik demokratiyaga sabab bo‘ladigan bo‘shanglikni vujudga keltirmasa, o‘quvchi bilan demokratik uslubda ish olib borsa, yutuqlarni ketma-ket qo‘lga kiritaveradi va ota-onaning ham hurmatiga sazovor bo‘laveradi. Afsuski, o‘qituvchilarimiz bolaning shaxsini e'tiborga olmay, muammolar ichiga kirib qolishadi.

Bu savolga xulosa, ochiqlik bilan, muammolardan qochib emas, o‘sha muammolarni keltirib chiqaradigan sabablarni oldindan anglagan holda ish olib borish, do‘stona va demokratik ko‘rinishda ishlash kerak.

– Ko‘pincha rahbarlar band bo‘lgani sabab dars o‘tishmaydi. Maktab direktori bo‘lib o‘quvchilarga dars o‘tasizmi?

– Men qoldirmay dars o‘tishga harakat qilaman. To‘g‘ri, yuz foiz uddalay olmayman. Ammo qoldirilgan darsni (o‘rnimga boshqa shu fan o‘qituvchisi o‘tgan bo‘lsayam) o‘z tilim va uslubim bilan akademik soat sifatida o‘tib beraman. Yoki tig‘izlab, yoki darslarda o‘sha mavzuga bog‘liq kelgan hollarda ortga qaytib bog‘lash orqali o‘tib beraman. Darsini o‘tmaydigan rahbarlarni yomon ko‘raman.

7a7ENedwbanSNgMuYuse4xalUFSqfIYE.jpg (1000×622)

– «Maktab remonti»ni qanday tashkil qilasiz?

– Maktab ta'mirini avvallari yuz foiz ota-onalar, o‘qituvchilar va homiylar hisobidan qo‘ldan kelgancha qilib kelganmiz. Turgan gapki, sifatsiz bo‘lgan. Kamida arzon-garov. Keyingi uch-to‘rt yilda ko‘p maktablar qatori bizning maktab ham zamonaviy qilib ta'mirdan chiqarildi. Albatta, davlat mablag‘lari hisobidan. Bu esa munosabatni o‘zgartirib yubordi. Qolaversa, ta'mirga ota-onadan mablag‘ to‘plash taqiqlandi. Eng asosiysi, bu jarayon va maktabning ko‘rinishidagi did o‘quvchilarning ham o‘qish zavqini oshirib yubordi.

Endi ular ham asrash kerakligini tushunib qolishdi. Shunaqa zamonaviy, ozoda, did bilan ta'mirlangan joyda o‘qish o‘zlariga yoqib qolgani sabab ortiqcha ta'mirga ehtiyoj qoldirmayapti. Shu sababli mana uch yildan beri ta'mir haqida o‘ylamadik. Ammo baribir ta'mirga ehtiyoj tabiiy vujudga keladi. Bu tushunarli. Buning uchun yillik smetada davlat budjetidan mablag‘ ajratish imkoni bor. Bu birinchisi, ikkinchidan, maktablar ham (jumladan, bizning maktab ham) homiylar jalb qilish, budjetdan tashqari mablag‘ topishni o‘rganib boryapmiz.

– Maktabda forma, ro‘mol masalalariga qanday qaraysiz? Bu kabi mojarolar bolaning ta'limga qiziqishini so‘ndirib qo‘ymaydimi?

– O‘quvchi formasi doim munozarali mavzu bo‘lgan. Chunki didlar hech qachon bir xil bo‘lmaydi. Qolaversa, insonning, jumladan, bolaning «yovvoyi» shaxsiyati erkinlikni istaydi. Doimo qoliplarga qarshi bo‘lgan inson sifatida shaxsan o‘zim yagona qat'iy «forma»ga qarshiman. Albatta, bu o‘quvchining o‘zini noqulay his qilishi orqali ta'limda faol bo‘lishiga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘quvchilarning kiyinishiga doir umumiy, chegaralovchi va tartibga soluvchi talablar bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.

– Jamiyatda o‘qituvchi mavqeyi oshishi uchun qanday taklif bildira olasiz?

– O‘qituvchining mavqeyi oshishi bu kattagina ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik protsess orqali amalga oshadi. Bunda tomonlar va ularning vazifalari qanday bo‘lishi kerak, deb so‘ralishi to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Bu jarayonda o‘qituvchi ham, davlat ham – muhim ishtirokchi. Davlat o‘qituvchining obro‘li bo‘lishidan eng katta manfaatdor hisoblanadi. Shuning uchun davlat o‘qituvchi mavqeyini oshirish uchun unga alohida status beruvchi normativ aktni qabul qilishi, unda jismoniy, ijtimoiy, iqtisodiy himoya choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak. Yuqori maosh, qulay ish sharoiti, ziddiyatlarda kafolatlangan va ustunlik beruvchi himoya shular jumlasidandir.

Ammo bu imkoniyatlar berilishidan oldin ma'lum protseduralar orqali o‘qituvchilarni jiddiy saralash shart. Ya'ni hozirda ishlayotganlarning hammasi ham o‘qituvchi sifatida qadrlanishi kerak, deb hisoblamayman.

Xohlaydimi-yo‘qmi, o‘qituvchi o‘z qadr-qimmatini, sha'n va hurmatini ifodalovchi imijni o‘zi yaratishi shart. Kamida davlat tomonidan yaratib berilganini saqlab qola olishi kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Top