10:15 / 10.06.2021
9601
Zarafshon daryosida suv hajmi o‘tgan yilgidan sezilarli kamaygani ma'lum bo‘ldi

Zarafshon daryosida aprel-may oylarida suv hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli kam bo‘lgan. Bu haqda Gidrometeorologiya markazi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Zarafshon daryosining o‘rta oqimi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, viloyatning Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Urgut, Bulung‘ur, Toyloq, Jomboy, Past Darg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari asosan shu daryodan suv oladi.

Qayd etilishicha, Zarafshon muz-qor suvlari hisobiga to‘yinuvchi daryolar qatoriga kirib, yoz oylarida asosan baland tog‘liklardagi muzliklar va qor qoplamlari erishi hisobiga to‘yinadi. Bunda atmosfera yog‘inlari ulushi deyarli bo‘lmaydi. Ushbu davrda daryo oqimi hisobiga yerosti suvlari ham ko‘tariladi. Daryo o‘zanida iyun-iyul oylarida maksimal suv oqimi o‘tishi hisobiga yerosti suvlari sathi me'yorga yaqinlashadi.

Tahlillar natijasining ko‘rsatishicha, Zarafshon daryosi vegetatsiya (aprel-sentabr) davri davomida O‘zbekiston hududiga o‘rtacha 3,65 km³ oqim olib kiradi. O‘tgan 2020 yilning vegetatsiya davrida ushbu qiymatning 82 foizi kirib kelgan. Shuningdek, aprel-may oylarida Zarafshon daryosi vegetatsiya oqimining o‘rtacha 20 foizi oqib o‘tadi. Bu qiymat 2021 yilda 11 foizga teng bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, Zarafshon daryosida iyun-iyul oylarida vegetatsiya davri oqimining 50 foizidan ko‘prog‘i oqib o‘tadi. O‘tgan 2020 yili ushbu qiymat 41 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilning iyun-iyul oylarida bu miqdor 45 foizga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Top