08:42 / 11.06.2021
16637
«Bek-Baraka» bozorida firibgarlik va tamagirlik bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Zangiota tumanida joylashgan «Bek-baraka» savdo majmuasida tezkor tadbir o‘tkazilib, 6 nafar shaxs qo‘lga olindi.

Viloyat IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yil 29 may kuni Toshkent viloyat IIBBga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Zangiota tumani hududida joylashgan «Bek-Baraka» savdo majmuasidagi yoyma kiyim-kechak bozorida savdo qilishini, bozorda «Kamronbek» va «Nigina» ismli shaxslar savdo qiluvchilardan noqonuniy ravishda pul talab qilayotganini bildirgan.

Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, o‘zlarini bozorda ishlovchi mas'ul shaxs sifatida tanishtirganlar, murojaat egalaridan shu joyda ishlashi uchun har oyda 100 AQSh dollari miqdorida tovon puli talab qilayotgani, bu talab bajarilmagan taqdirda savdo rastasi faoliyatini cheklash bilan tahdid qilishi, shu yo‘l bilan ular savdo qiluvchilardan jami 9 mln so‘m miqdorida pul olgani aniqlandi.

Shundan so‘ng, IIBB tezkor xodimlari tomonidan maxsus tadbir o‘tkazilib, firibgarlik va tamagirlikda gumonlangan 6 nafar shaxs ushlangan.

Jumladan, Uchtepa tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan Nigina I., Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan Kamronbek J. va 1993 yilda tug‘ilgan Firdavs J., Zangiota tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan Nasiba O., 1996 yilda tug‘ilgan Noilaxon A. hamda 1998 yilda tug‘ilgan Naimaxon A. ushbu holatga bevosita aloqadorligi aniqlanib, tegishli tartibda ishga jalb qilingan.

O‘tkazilgan suhbat davomida ular haqiqatdan ham arizada ko‘rsatilgan fuqarolardan savdo qilishlari uchun noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgani va bugungi kunda jami 9 mln so‘m miqdoridagi pullarni olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganini ma'lum qilib, aybiga iqrorliklarini bildirishgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan, ushlangan shaxslarga nisbatan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, 28, 211-moddasi 2- qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top