17:36 / 11.06.2021
5781
Jizzaxda hokimning qaroriga keltirilgan protestni bekor qildirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Jizzax shahar hokimining qaroriga keltirilgan protestni bekor qildirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, noqonuniy daromad orttirish uchun o‘zgalarning ishonchiga kirib, firibgarlik qilgan fuqaro Sh.B. ushlangan.

Qayd etilishicha, Sh.B. fuqaro B.ga Jizzax shahar hududida xususiy ta'lim muassasasi qurish uchun 20 sotix yer maydoni ajratish haqidagi shahar hokimi qaroriga Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestni tanishlari orqali bekor qildirib, uning nomiga qayta hujjatlashtirib berish xizmati uchun 2 500 AQSh dollari so‘ragan. So‘ng, shundan avans tariqasida 5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top