17:04 / 11.06.2021
61939

Kattaqo‘rg‘onda ichki ishlar xodimlari fuqaro o‘limiga sababchi bo‘lgani aytilmoqda

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani DSI boshlig‘i o‘rinbosari ichki ishlar xodimlari bilan bo‘lgan ziddiyat vaqtida vafot etdi. IIV voqeaning bodikameraga yozib olingan videosini e'lon qildi.

10 iyunga o‘tar kechasi 42 yashar soliq xodimi Aziz Ahmedov o‘zining Cobalt avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzgani sababli patrul xizmati inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan.

O‘zaro suhbat chog‘ida soliq xodimi va inspektorlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda, inspektorlar o‘zlariga tegishli Spark avtomobilining orqa o‘rindig‘iga o‘tqizishda fuqaroning yuz qismidan bosib, qisqa va tez o‘lim topishiga sabab bo‘lishgani aytilmoqda.

Ekspertiza o‘limga yurak o‘lchami va massasining keskin oshishi, ya'ni nafas qaytishi sabab bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, marhumning yuz va bo‘yin qismlari, tirsak va boshqa sohalarda jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan.

Bosh prokuraturadan ma'lum qilishlaricha, Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi holat yuzasidan JKning 206-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Voqeaga Ichki ishlar vazirligi izoh berib, YHX xodimining bodikamerasiga yozilgan videoni e'lon qildi.

IIVga ko‘ra, voqea 10 iyun tungi soat 00:50larda sodir bo‘lgan.

«...Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXX xodimlari tumanning «Kadan» MFY hududidan o‘tuvchi 4R-243 avtomobil yo‘lining Alisher Navoiy va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha tungi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, fuqaro A.A. boshqaruvidagi Cobalt svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib, yashirinmoqchi bo‘lgan.

«Hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7 kilometriga yetganida Cobalt yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.

Huquqbuzar xodimlar tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lgani gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilganida, fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, faol qarshilik ko‘rsata boshlagan.

Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, fuqaro A.A. vafot etgan», – deyiladi IIV talqinida.

Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan joy IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasining Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi ishtirokida tuman prokuraturasi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Chiroqchi tumani va Andijon shahrida surishtiruv va tergovga chaqirilgan fuqarolar IIB xodimlarining jismoniy qiynoqlari oqibatida vafot etgandi.

Top