10:18 / 11.06.2021
1759

Yakkabog‘dagi bozorda yong‘in sodir bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan dehqon bozorida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, kecha 10 iyun kuni soat 21:20larda Yakkabog‘ tumani «Bunyodkor» mahalla fuqarolar yig‘ini E.Xo‘jantoyev ko‘chasida joylashgan, tuman «Istiqlol» oziq-ovqat dehqon bozori hududida yong‘in sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bozordagi sut mahsulotlari sotiladigan yengil konstruksiyali do‘konda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘inni bartaraf etish uchun Yakkabog‘ tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limidan 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jalb qilingan. Soat taxminan 22:00lar atrofida yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Ta'kidlanishicha, sodir bo‘lgan yong‘in natijasida hech kim tan jarohati olmagan. Faqat do‘kon va uning ichidagi mahsulotlarni saqlashga mo‘ljallangan 2 dona muzlatkich yonib ketgan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Top