08:52 / 12.06.2021
17867
Barcha yo‘lovchilari emlangan kruiz laynerda koronavirus tarqalishi qayd qilindi

Barcha yo‘lovchilari va ekipaji a'zolari koronavirusga qarshi emlangan kruiz layner Celebrity Millennium’da koronavirus tarqalishi qayd qilindi. Bu haqda ABC News telekanali xabar berdi

Celebrity Millennium bortida faqat emlangan odamlar bo‘lgan yirik layner hisoblanib, unga egalik qiluvchi kompaniyada bunday yondashuv pandemiyaga qaramay layner ishini tiklashga imkon beradi, deb ishonishgan.

Biroq Karib dengizidagi Sint-Marten orolida yo‘lovchilar tushirilganda ulardan ikki nafarida koronavirus aniqlangan. Ta'kidlanishicha, ikkala yo‘lovchi ham bir kayutada yashagan. Endi ular virusga manfiy test topshirmagunlarigacha orolda qolishlariga to‘g‘ri keladi. Kema ekipaji esa kasallanganlar kimlar bilan aloqada bo‘lganlarini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Pandemiya boshida bir nechta kruiz laynerda koronavirus tarqalishi qayd qilingandi. Bunday hodisalardan eng ayanchlisi Diamond Princess layneri bilan yuz bergan. 2020 yil 5 fevralda kema yo‘lovchilaridan biri – 80 yoshli hongkonglik erkakda koronavirus aniqlangandan keyin layner Yaponiyaning Iokogama shahrida karantinga qo‘yilgandi. O‘sha vaqtda kemada 50tadan ziyod davlatdan hammasi bo‘lib 3,7 mingga yaqin odam bo‘lgan. Ulardan 700dan ko‘prog‘ida virus borligi tasdiqlangan, 7 yo‘lovchi kasallikdan vafot etgan.

Top