21:54 / 12.06.2021
22162

Haydovchilik guvohnomasini olganiga 1 yil bo‘lmay, 15 marta qoida buzgan haydovchi oxir-oqibat odam o‘limiga sabab bo‘ldi

Denov tumanida quvib o‘tish qoidalarini buzgan «Damas» o‘z hovlisi oldida turgan 17 yoshli yigitni urib yubordi. Haydovchi avtomobil boshqarish huquqini olganiga hali bir yil to‘lmagan, bungacha 15 marta qoidabuzarlik uchun jazolangan.

Surxondaryo viloyati IIBB YHXBB matbuot xizmati videosidan kadr

Surxondaryo viloyati Denov tumanida «Damas» haydovchisi quvib o‘tish qoidasini buzib, yo‘lning chap tomonida – o‘z hovlisi oldida turgan yigitni urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘ldi.

2004 yilda tug‘ilgan fuqaro olgan jarohatlari natijasida shifoxonada vafot etdi. Bu haqda viloyat IIBB YHXBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Voqea 10 iyun kuni tumanning Sebzor mahallasi hududida ro‘y bergan.

Ta'kidlanishicha, qoidabuzar haydovchi haydovchilik guvohnomasini olganiga 1 yil bo‘lmagan, ammo mazkur voqeaga qadar ham 15 marta qoidabuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan. Bir marta ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabini bajarmagan, yana bir marta transportlar oqimiga qarama-qarshi harakatlangan.

Sebzor mahallasining voqea ro‘y bergan qismiga radar o‘rnatiladigan bo‘ldi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Surxondaryo viloyatida yil boshidan buyon 128 ta YTHda 98 fuqaro jarohatlangan, 52 kishi halok bo‘lgan.

Top