16:17 / 12.06.2021
8446
«Investor jalb qilishda eng katta to‘siq – startaperlar bilimining yetishmasligi» - IMAN Invest kompaniyasi asoschisi bilan suhbat

Toshkent xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyida tahsil olgan, 2018 yilda Buyuk Britaniyadagi Oxford Brookes universitetini tamomlagan, Islomiy moliya sohasida shug‘ullanuvchi O‘zbekistondagi birinchi halol investitsion kompaniya IMAN Invest asoschisi Rustam Rahmatov «Osmondagi bolalar» loyihasining 14-son mehmoni bo‘ldi.

Suhbat davomida qanday qilib o‘zbek startapi Amerikadan 2 million dollar investitsiya jalb qila olgani, bank tizimlarining qanchalik halollik bilan ishlashi, islomiy moliyaning mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta'siri xususida fikr va mulohazalar berib o‘tilganligiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Faoliyatimning boshlanishi

O‘qishni bitirib, O‘zbekistonda ish o‘rganuvchi bo‘lib o‘z faoliyatimni buxgalteriya, audit sohasida boshlaganman. Bu sohalarda 1, 2 yil davomida ishladim, bu sohalar men uchun zerikarli ko‘rindi. Menga amaliy ishlar ko‘proq yoqadi. Va undan keyin investitsiya fondlariga qiziqdim. 2018 yilda O‘zbekistonda birinchi investitsiya fondi tashkil etilgan edi. Shu yerda 2 yil ishlab tajribamni oshirdim. Oxirgi ish joyim Jahon banki bo‘ldi. Bu yerda ham investitsiya bo‘limida ishladim. «Upstream» degan departament bor va shu yerda konsultant sifatida ish boshladim. Yaqinda u yerdan ishdan ketib, «IMAN Invest» o‘zimning startapimda to‘liq ishlayapman.

«Oxford brookes» universitetini tanlashimning sababi

Men o‘qib yurgan vaqtlarimda O‘zbekistonda eng zo‘r litseylardan biri «Vestminster» litseyi bo‘lgan va men o‘zimga bu yerda o‘qishni maqsad qilib olganman. Toshkentda 1-2 yil davomida tayyorlanib, shu litseyga kirganman. Mening o‘ylashimcha, bu yerda o‘qiganim menga juda katta foyda bo‘lgan, chunki bilim yaxshi berilgan. «Vestminster» litseyida o‘qib yurganimda, «bu yerni bitirsam, kim bo‘lib chiqaman» degan tushuncha paydo bo‘lgan. Men uchun bu chellenj bo‘lmadi. Ota-onam bilan maslahatlashib, «Vestminster»ni bitirib kelajagimni ko‘rmadim. Angliya, Amerika yoki Avstraliyaga o‘qishga kiraman, deb o‘zimga maqsad qo‘ydim. Bu uchta davlatni tanlashimning sababi, bu davlatlarning universitetlari top darajada turadi. Ular ichidan Angliyadagi «Oxford brookes» universiteti yoqqan va men shu yerda o‘qishni tanlaganman. Menga bir nechta joylardan o‘qish uchun grantlar bo‘yicha taklif bo‘lgan. Lekin men u paytda grantlarga qaramaganman. Birinchi o‘rinda grant yoki grant emasmi shunga qarab tanlash noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetganman. Men ular ichidan eng kam past stipendiya beradigan universitetni tanlaganman.

O‘zbek startapi qanday qilib Amerikadan ikki million dollar investitsiya jalb qila oldi?

Birinchi o‘rinda hammasi Allohdan. Eng asosiysi, kompaniya halol, to‘g‘ri yo‘lda boshlangan loyiha. Bunga juda kam startapchilar, biznesmenlar e'tibor berishadi. Ikkinchi o‘rinda, kompaniya tanlagan missiyasi. Bizning bu yilgi maqsadimiz – 10 million dollar investitsiya jalb qilish, minimum 100 ta ish joyi tashkillashtirish. Keyingi yilga bu sonlar 100 million dollarga, ishchilar sonini 1000 taga ko‘paytirish.

5 yillik maqsadimiz – butun dunyoda riboni kamaytirish, butun musulmonlarga O‘zbekistondan boshlab, keyin Turkiya, BAA va Afrikada barakani ko‘paytirish. Aynan Afrikadagi bozori juda qiziqtiradi meni. Uchinchisi, juda ham muhimi – jamoa. Menejmentda ishlaydigan har bir sherigimni juda ham katta bir mutaxassis deb o‘ylayman.

IMAN kompaniyasi eng yirik xalqaro tanlovning finalga chiqqan O‘zbekistonlik birinchi startapi bo‘ldi va AQShdan ikki million dollarlik investitsiyani jalb qila oldi. Kompaniyaning oliy maqsadi bu – riboni yo‘q qilish, musulmonlarning barakasini oshirish, ularni boy qilish, riboviy tizim bilan bemalol bahslashish.

Jamiyatdagi meni qiynaydigan muammolar

Men uchun eng katta muammo – O‘zbekistonning investitsiya bo‘limi. Investorlarni jalb qilayotganimizda bir nechta narsa ularni to‘xtatadi. Birinchi o‘rinda, qonun qanchalik ishlayapti yoki ishlamayapti, shuni ko‘radi. Qanaqadir keyslarni kuzatishadi. Katta pul tikmoqchi bo‘lgan investorlar O‘zbekistonga kelib, 1-2 oy yashashadi. O‘zbekistonda qonunchilikda yozilgan narsa real hayotda boshqacha bo‘lishini juda ko‘p ko‘rganman.

Keyingi muammo banklarimiz rivojlanishi haqida. Bunga sabab banklarimiz dunyodagi bank sistemasidan ajralib, o‘zlari rivojlanishida. Oxirgi bo‘lgan real hodisalardan biri, investitsiyaga jalb qilgan pulimizni 4 haftadan beri ololmayapmiz. Bu banklarimiz rivojlanmaganligidan. Banklarimiz «200 yil» ortda qolib ketgan. Bank sohamizda juda ham ko‘p muammolar bor. Biz dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz kerak. Katta muammolar ustida bosh qotirishimiz kerak, kichik muammolarga qaramaslik kerak, kimdir chalg‘itsa ham e'tibor qaratmaslik kerak.

Jahon bankida ishlab yurgan vaqtlarim

Jahon bankida ishlaganimda, men o‘ylardimki, bu qanaqadir yutuq, Jahon banki bu dunyoda yetakchi korxona, u yerda katta mutaxassislar ishlashadi. To‘g‘ri, shunaqa. Lekin, men o‘zimdan rozi emas edim. Bu korxona bilan mening qadriyatlarim har xil. Men investitsiya bo‘limida ishlardim, riboga aralashmagan bo‘lsam ham, bu korxona o‘zi riboviy korxona, men shunga o‘zimdan rozi bo‘lmaganman. Rozilikni o‘zim boshlagan ishimda topdim. Har bir yutug‘im «IMAN»da, har bir xodimlarimning yutug‘i menga rozilik olib keladi. Men bilamanki, qilayotgan ishlarim ummatga juda katta foyda. Men shularda rozilik topganman. Undan oldin bunaqa rozilik yo‘q edi.

Hayotdan olgan xulosam

Birinchi olgan xulosam, kursni to‘g‘rilab olish. Kurs degani, men juda ham kemalarga qiziqaman va insonni katta okean deb his qilaman. Qayerga kurs qo‘ysangiz, o‘sha yerga qarab ketasiz. Kompasni qo‘lingizga olganingizda unda shimol bor, janub bor. Musulmonlarning islomiy kompasini olsangiz, u Makkani ko‘rsatib turadi. Shu kursni Makkaga olsangiz, to‘g‘ri yo‘nalishda ketasiz, deb bilaman. Kursni Makkaga olmasangiz, qiynalasiz va adashasiz. Yigirma besh yoshga to‘lgan bo‘lsam, buni besh yil oldin tushunganman. Undan oldin boshqacha fikrda yurardim, faqat o‘zimning rivojlanishimni, dunyoviy ilmlarni o‘ylardim, o‘zimga noto‘g‘ri ideallar qo‘yardim. Lekin men tanlagan ideal insonlarim loyiq emas edi, dunyoda bir zot bor, biz unga intilishga arziydigan. Eng asosiy xulosam shu, qolganlari kichik-kichik muammolar...

Top