10:57 / 12.06.2021
675
«Saxovat Namangan» muhtojlar uchun 132 ta uy quryapti

«Saxovat Namangan» xayriya jamoat fondi qisqa vaqt ichida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi. Fond tomonidan kam ta'minlangan oila vakillari oziq-ovqat, kiyim-bosh, umuman olganda ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlar bilan ta'minlab kelinmoqda.

Ayni paytda, fond tomonidan uy-joyga muhtojlar uchun Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi Yuksalish mavzesida ko‘p qavatli uylar barpo etilyapti.

«Bu yerda 5 ta ko‘p qavatli uy quryapmiz, 132 xonadondan 1-2-3 xonali uylar bo‘ladi, uylar ehtiyojga qarab taqsimlab beriladi. Bizga 500 dan ortiq uyga muhtojlar murojaat qilishgan, bu xayrli ish davom etadi. Ushbu tashabbus tuman hokimligi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanyapti, kelgusi quriladigan uy uchun hatto yer ajratib beriladigan bo‘ldi», — deydi fond a'zosi Ma'ruf Mo‘minov.

Uning ta'kidlashicha, mana shu qurilayotgan turar joyning kommunikatsiya tarmoqlari ham hokimiyat tomonidan qilib berilar ekan. Bundan tashqari, bu yerda yashovchi bolalar uchun saxovatli insonlar ko‘magida o‘quv markaz va kutubxona ham barpo etiladi, ayollar bandligini ta'minlash maqsadida tikuv sexi tashkillash ham rejalashtirilyapti.

«Saxovat Namangan» xayriya jamoat fondi ijtimoiy tarmoq va media mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu fondda ayni kunda 100 dan ortiq ko‘ngilli xolis xizmat qiladi. Uy-joylarni qurish jarayoniga esa ko‘plab savobtalab insonlar hashar yo‘li bilan ko‘maklashmoqda. Fond qamrovi hozircha Namangan viloyati bo‘ylab faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, kelgusida butun respublika miqyosida xayriya ishlarini amalga oshirish  rejalashtirilmoqda.

Top