10:50 / 13.06.2021
7568
AQShda 400 milliard dollar qiymatidagi ishsizlik nafaqasi o‘g‘irlangan - Axios

AQShda koronavirus pandemiyasi sharoitida aholiga ishsizlik bo‘yicha to‘langan nafaqalarning 50 foizga yaqini jinoyatchilar cho‘ntagiga tushgan bo‘lishi mumkin. Axios nashrining ekspertlarga tayanib xabar berishicha, gap 400 mlrd dollar haqida bormoqda.  

Nafaqalar bilan sodir etiladigan firibgarliklarga qarshi kurash xizmati ID.me bosh direktori Bleyk Xollning fikricha, hukumat to‘lagan barcha nafaqadan yarmi – 400 mlrd dollari o‘g‘irlangan.

LexisNexis Risk Solutions bosh direktori Xeyvud Talkovning ta'kidlashicha, o‘g‘irlangan mablag‘dan 70 foizi xorijga olib chiqib ketilgan va Xitoy, Nigeriya, Rossiya va boshqa davlatlardagi jinoiy guruhlar, qolgan 30 foizi esa AQShdagi ko‘cha to‘dalari qo‘liga tushgan.

Nashrning yozishicha, AQSh hukumati ishsizlik bo‘yicha nafaqa olishga arizalar berishda firibgarliklar yuz berishi muqarrarligini bilgan. Biroq hukumat pandemiya vaqtida muhtojlarga pul berish har bir arizani tekshirib o‘tirishdan muhimroq deb hisoblagan. Shu bilan birga, o‘g‘irlangan summaning ko‘pligi va ular xorijiy jinoiy guruhlar qo‘liga tushgani milliy xavfsizlik masalasi hisoblanadi.

Oq uyda firibgarlik muammosi borligi tasdiqlangan. «Ishsizlik bo‘yicha davlat to‘lovlari bilan keng tarqalgan firibgarlik avvalgi ma'muriyatdan bizga ‘meros bo‘lib qolgan’ jiddiy muammolardan biridir», deb aytgan Jo Bayden ma'muriyatidagi iqtisodchi Jin Sperling.

Axios ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar nafaqa olishda amerikaliklarning o‘g‘irlangan shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanadi. Bundan tashqari, mamlakat ichidagi jinoiy to‘dalar oddiy fuqarolarni qo‘rqitish yoki aldash yo‘li bilan o‘zlari haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni berishga majbur qiladi. So‘ngra ushbu ma'lumotlar yordamida nafaqa olish uchun arizalar rasmiylashtiriladi. Qo‘lga kiritilgan pullar esa aksariyat hollarda kriptovaluta ko‘rinishida xorijga chiqariladi.

Top