16:25 / 13.06.2021
16273

Qorabog‘dagi ziddiyat: Ozarboyjon va Armaniston minalashtirilgan hududlar xaritasi evaziga asirlar almashdi

Ozarboyjon va Armaniston AQSh Davlat departamenti va Gruziya hukumati vositachiligida almashuv amalga oshirdi: Ozarboyjon arman asirlaridan 15 nafarini bergan, Armaniston esa buning evaziga Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi tumanlardan biridagi minalashtirilgan maydon xaritalarini topshirgan.

Foto: AFP/GETTY

Shanba kuni Ozarboyjon TIV va Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan almashuv haqida e'lon qildi.

«2021 yil 12 iyun kuni Armaniston tomoni Agdam tumanida o‘rnatilgan piyodalar va tanklarga qarshi 97000 dona minalar xaritasi evaziga ozar-gruzin chegarasida Gruziya guvohligida Armanistonga 15 nafar armanistonlik topshirildi», deyiladi Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Ozarboyjon TIV vositachilik uchun Gruziya hukumati va bosh vazir Irakliy Garibashviliga minnatdorchilik bildirgan, shuningdek, bayonotda AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlar bo‘yicha yordamchisi Filip Rikerning, Entoni Blinkenning, Yevropa Ittifoqi hamda YeXHT rahbariyatining xizmatlari e'tirof etilgan.

Nikol Pashinyan shanba kungi bayonotida ikki kun muqaddam Filip Riker bilan uchrashgani, u davlat kotibi Blinken unga asirlarni qaytarish masalasida yutuqqa erishilishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berganini aytgani haqida qayd etgan.

Gruziya orqali qaytarish
«Bugun Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili, shuningdek Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimizning sa'y-harakatlari bilan, asirlikdagi 15 odamimiz Armanistonga qaytarildi - ular Ozarboyjondan Gruziyaga Qizil ko‘prik orqali o‘tishdi, keyin Bagratashen orqali Armanistonga», - deya Pashinyandan iqtibos keltirgan «AMI Novosti-Armeniya» agentligi.

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, qaytarilgan asirlardan to‘rt nafari yaqinda chegaradagi hodisa vaqtida asirga olingan 6 kishilik guruhdan, yana bir necha kishi urush tugagach Tog‘li Qorabog‘ janubida qo‘lga tushgan bir necha o‘n kishilik guruh tarkibidan, qolganlar o‘tgan yil sentbyar-noyabr oylarida olib borilgan harbiy harakatlar davomida asir olinganlar.

Entoni Blinken tvitterdagi sahifasida 15 nafar arman asiri ozod qilinganini olqishlagan va Gruziya hukumatiga muzokaralardagi vositachilik uchun minnatdorchilik bildirgan.

Asirlarning qaytarilishini YeXHT raisi Anna Linde ham tvitterdagi sahifasi orqali olqishlagan.

Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyingi yetti oy mobaynida Armaniston Ozarboyjonni asirlarni qaytarmaslikda, Ozarboyjon esa Armanistonni Ozarboyjon nazoratiga o‘tgan hududlarda joylashtirilgan minalar xaritasini topshirmaslikda ayblab keladi.

Ozarboyjon harbiylari qo‘liga tushgan armanistonlik asirlarning aniq soni yo‘q: ikki tomon ham raqamlarni ochiqlamagan. Armaniston taxminan 200 kishi asirga tushganini bildirgan.

«AMI Novosti-Armeniya» agentligi xabariga ko‘ra, 12 iyungacha rossiyalik tinchlikparvar kuchlar vositachiligida 72 nafar armanistonlik va 16 nafar ozarboyjonlik asirlikdan uyga qaytgan, shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda Gruziya vositachiligida qaytarilgan asirlar - shanba kuni berilgan 15 nafar arman harbiylaridir.

Agdam tumani hududidagi 97 ming mina haqidagi xabar Ozarboyjon nazoratiga o‘tgan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi hududlarda minalar muammosi ko‘lamini anglashga yordam beradi.

Agdam tumani - o‘tgan yilgi urushgacha Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tutashuv chizig‘i o‘tgan to‘rt tumandan biri edi. May oyi oxirida Ozarboyjonning hududlarni minalardan tozalash agentligi (ANAMA) sapyorlar urushdan keyingi 7 oy mobaynida 20 ming mina va portlamay qolgan qurilmalarni zararsizlantirgani haqida ma'lum qilgandi. Shuningdek, rossiyaliklar tinchlikparvar kontingentidan bo‘lgan sapyorlar 26 ming mina va qurilmalarni zararsizlantirgan.

Ozarboyjon hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, Qorabog‘ atrofidagi minalashtirilgan hududlarda yetti oy mobaynida minalar portlashi tufayli 7 harbiy hamda tinch aholiga mansub bo‘lgan 20 kishi halok bo‘lgan, yana 100ga yaqin kishi jarohatlangan.

So‘nggi qurbonlar 4 iyun kuni Tog‘li Qorabog‘ shimolida tankka qarshi minaga tushib qolgan yuk mashinasida bo‘lgan ikki ozarboyjonlik jurnalist va bir amaldor bo‘lgandi.

Top