10:28 / 13.06.2021
18598
Turk mafiozi hukmron partiya vakiliga «sumka-sumka pul bergani»ni iddao qildi

Turkiya va xorij matbuotida hamon qizg‘in muhokama qilinayotgan turk mafiozi Sedat Peker ilk marta aniq bir ismni tilga olgan holda, AKP (Adolat va taraqqiyot partiyasi) Markaziy qaror kengashi (MKYK) a'zosi Metin Kulunkka «sumka-sumka» pul berganligini iddao qildi.

Metin Kulunk kim?

Rizening Guneysu shahrida tug‘ilgan Kulunk Yulduz texnika universiteti bitiruvchisi hisoblanadi. U siyosatga kirishdan oldin xususiy sektorda faoliyat olib borgan, Istanbul To‘qimachilik va kiyim-kechak eksportchilar uyushmalari qo‘mitalarida xizmat qilgan.

1995-2000 yillarda u Istanbul sanoat palatasi tayyor kiyimlar qo‘mitasi a'zosi, milliy turk o‘rta ta'lim talabalar uyushmasi va «Milliy najot» partiyasi viloyat yoshlar kengashi a'zosi sifatida ishlaydi.

AKP tashkil etilgandan keyin u o‘z siyosiy faoliyatini ushbu partiyada davom ettiradi. Dastlab u AKP viloyat ijroiya kengashi a'zosi, keyinroq viloyat tashkiloti raisi sifatida ishlaydi. 2011 yilgi saylovlarda parlament tarkibiga kiradi va uch marta – 24, 25 va 26-muddatlarda Istanbul deputati bo‘ladi.

Viloyat rahbarligi o‘rniga MKYK’ga a'zolik

Kulunk 2018 yilgi saylovlarda deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi.

2019 yilgi mahalliy saylovlardan so‘ng, uning ham nomzodi Istanbul viloyati hokimligi uchun ham ko‘rsatilgan edi. Biroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an viloyat rahbarligi uchun Usmon Nuri Kabaktepeni tanlaydi. Buning o‘rniga Erdo‘g‘an Kulunkni partiya rahbariyatiga oladi va u 24 martda AKP’ning 7-kongressida MKYK a'zosiga aylanadi.

U Gulen bilan suratga tushganlar kechirim so‘rashi kerakligini aytgan

 

2016 yil 15 iyuldagi to‘ntaruv tashabbusidan so‘ng, Kulunk Fathulloh Gulen tashkilotiga qarshi keskin chiqishlari bilan omma e'tiborini tortadi.

Harbiy davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, u Gulen tashkilotiga qarshi olib borilgan tergovlar bo‘yicha «sud tizimiga va politsiyaga bosim o‘tkazgan viloyatlar ro‘yxati»ni e'lon qiladi va ularning boshida Ordu viloyati turganini da'vo qiladi. Orduda har qadamda Mobese (Mobil elektron tizim integratsiyasi) – kuzatuv tizimi borligini aytgan Kulunk «xavfsizlik dasturlari orqali FeTO’ga dasturiy ta'minot orqali ma'lumotlar uzatilgani» haqidagi da'voni ilgari suradi.

2019 yilda ishtirok etgan bir uchrashuvda u Fathulloh Gulen bilan suratga tushgan AKP siyosatchilarini jamoatchilikdan uzr so‘rashga chaqiradi. Uning bu chaqirig‘i ham keng muhokamalarga sabab bo‘ladi.

Vaqfga hujum uyushtirilgani haqidagi iddao

Partiya ichida Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu bilan chiqisha olmagani aytilgan Kulunkning ismi o‘tgan yilning 22 avgustida bir vaqfga reyd uyushtirilishi ortidan yana kun tartibiga chiqadi. 

Soyluga yaqin ekani iddao etilgan Milliy omon qolish harakati assotsiatsiyasi prezidenti Murat Shahin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida video e'lon qiladi va «@maske3g’ning Ichki ishlar vazirimizga qilgan haqoratiga javob berganimiz uchun Metin Kulunk avval bizga tahdid etdi, keyin esa Milliy omon qolish harakati assotsiatsiyamizga 5-6 kishi bilan kelib, bizga hujum qildi», deydi. Shundan so‘ng Shahin akkaunt egasi ekani aytilgan Erdal Yilmaz bilan birga hibsga olinadi.

Hürriyet gazetasiga reyd uyushtirilishi

Kulunkning nomi keyingi paytlarda Sedat Pekerning videolari tufayli yuz bergan jinoiy voqealar va Soylu tomonidan kun tartibiga olib chiqilgan «Pekerdan 10 ming dollar maosh olgan siyosatchi» munozarasi tufayli yana bir bor kun tartibiga chiqdi.

Sedat Peker sobiq AKP deputati Feyzi Ishbasharanni AKP deputatining iltimosiga binoan politsiya bo‘limida kaltaklaganini ma'lum qildi. U Feyzi Ishbasharanning kaltaklanishini istagan deputatning ismini aytmadi, biroq uni «Yaxshi do‘stimiz, hamkasbimiz. Uni ham passiv holga keltirishgandi, endi yana MKYK’ga olishdi», deb ta'riflaydi.

Feyzi Ishbasharan esa jurnalist Erk Ajarerga bergan intervyusida o‘zini kaltaklatgan kishi Metin Kulunk ekanligini aytdi va u Kulunk Pekerning «eng muhim suyanchig‘i» ekanini iddao qildi. «U (Metin Kulunk – tahr.) Erdo‘g‘an va Peker o‘rtasidagi yagona vositachidir. O‘zaro munosabatlarni u muvofiqlashtirardi. Beyo‘g‘li politsiya shtab-kvartirasida menga tajovuz uyushtirgan ham Metin Kulunkdir. Buni Sedat Peker ham tasdiqladi», dedi u.

Ishbasharan, shuningdek, 2015 yil 8 sentyabrda Hürriyet gazetasiga uyushtirilgan reyd ham Kulunkning iltimosiga binoan amalga oshirilganligini aytdi.

Pekerning bayonotlaridan so‘ng, Hürriyet gazetasiga reyd uyushtirilishi bilan bog‘liq da'volarda ismi tilga olingan AKP a'zosi Abdurahim Bo‘yniqalin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida bayonot berdi. «To‘g‘risi, men xotirjam bo‘ldim. Yillar davomida bizga «yopishgan» oyna, kamera va turniketlarni sindirish kabi jinoiy ishlar bizga umuman taalluqli emasligi aniq ifoda etilibdi», dedi u.

Biroq Bo‘yniqalin keyinchalik ushbu postini o‘chirib tashladi.

10 ming dollarlik ish haqi da'vosi

Nihoyat, Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu Habertürk va TRT kanallarida bergan intervyusida «Pekerdan har oy 10 ming dollar maosh oladigan siyosatchi» chindan ham mavjudligini aytdi, ammo uning ismini tilga olmadi. Soyluning ushbu ayblovlaridan so‘ng SHP (Jumhuriyat xalq partiyasi) Pekerdan 10 ming dollar olgan siyosatchining nomini oshkor qilish kampaniyasini boshladi va parlament spikeri Shentopga yozma ravishda murojaat etib, ushbu ismning e'lon qilinishini talab qildi.

Shentop o‘zining ushbu masalaga oydinlik kirituvchi shaxs emasligini, bu masala bo‘yicha tegishli joyga murojaat qilinishi kerakligini aytdi. Shuningdek, Shentop tomonidan ushbu masala bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga xat yuborilgani, huquqiy jarayonni boshlash uchun «barcha ma'lumot-hujjatlar sud organlariga hamda parlamentga yuborilishi» so‘ralgani ma'lum qilindi.

Peker esa o‘zining 9-videosida so‘z yuritilayotgan siyosatchi Metin Kulunk ekanini aytdi va unga 10 ming dollar emas, balki «sumka-sumka» pul berganini iddao qildi.

Kulunk esa hozirgacha ushbu ayblovlarga javob bermadi.

Top