14:40 / 14.06.2021
13724

«Bolalar onkologiyasini botqoqdan chiqarib olish kerak» - onkolog bilan suhbat

Bolalar va saraton. Bu ikki so‘z bir-biriga qanchalik teskari bo‘lmasin, so‘nggi yillarda qulog‘imizga tez-tez chalinyapti. Bolalar milliy tibbiyot markazi onkogematologiya bo‘limi rahbari Kamol Iskandarov Kun.uz bilan suhbatda bolalarda saratonning kelib chiqish sabablari, bolalar onkologiyasidagi muammolar haqida so‘z yuritdi.

Saraton nima va u qanday sabablar bilan yuzaga kelishi mumkin?

— Saratonni keltirib chiqarishi aniq isbotlangan sabablar ma'lum emas. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda saraton kasalligi ayniqsa dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ko‘p uchraydi. O‘zbekiston yoki rivojlanmagan davlatlar bilan solishtirganda, ularda bir necha 10 baravar ko‘p uchraydi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarda avtomobillar ko‘p, tabiiy bo‘lmagan oziq-ovqatlar ko‘p, radiatsiya ko‘p. Shuning hisobiga iqlim sharoiti yomonlashuvi bolalarda saratonni keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkin.

Rak hech qachon bitta faktordan kelib chiqmaydi, uning uchun bir nechta faktorlar bo‘lishi kerak. Boladagi stress, onadagi stresslar ham yuqoridagi sabablarga qo‘shimcha bo‘lishi mumkin.

Rak – bu inson tanasidagi mutatsiyaga uchragan hujayra. Ya'ni o‘z faoliyatini o‘zgartirib, vahshiyga aylangan hujayra bo‘lib, boshqa hujayralarni siqish hisobiga kattalashib boradi.

Bugungi kunda bolalarimiz sevib iste'mol qiladigan mahsulotlarning ko‘pchiligi tabiiy emas. GMO mahsulotlari normal hujayralar faoliyatini o‘zgartirish xususiyatiga ega, chunki ularda kanserogen moddalar ko‘p uchraydi. Bu mahsulotlar rak kasalligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi.

Bolalar ko‘proq tabiiy va foydali mahsulotlarni iste'mol qilishlari kerak. Lekin bolalar, masalan, turli rangli ichimliklarni iste'mol qilishni istaydi. Ularga buni butunlay taqiqlash esa psixologik ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bunday mahsulotlarni imkon qadar kam miqdorda berish maqsadga muvofiq.

«Rivojlangan davlatlarda saratonga chalingan bemorlarning 90 foizi tuzalib ketadi, sababi kasallik erta bosqichda aniqlanadi»

— Tug‘ilishdan to 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlar orasida 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida saratonga chalinish ko‘proq uchraydi. Boshqa yoshdayam bu kasalga chalinish holati ko‘p, ammo 12 yoshgacha bo‘lgan davr nisbatan xavfli hisoblanadi.

3 yoshgacha bemor bolalarda saratondan tuzalish ehtimoli ko‘proq. Agar bemorga kerakli miqdorda muolajalar qilinsa, protokol asosida davolansa, 3 yoshgacha bo‘lgan 95 foiz bemor bolalar bu kasallikdan tuzaladi. Chunki 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda embrional xarakter saqlanib turadi.

Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha rivojlangan davlatlarda 90 foiz bemorlar onkologik kasalliklardan sog‘ayib ketishyapti. Chunki kasallik erta bosqichda aniqlanadi. Masalan, Koreya va Germaniya davlatlarida kasallikning 4-bosqichda bo‘lgan bemor uchramaydi. Eng og‘ir holatda bemor ham 3-bosqichda aniqlanadi.

O‘zbekistonda esa bemorda kasallik aniqlangan paytda asosan 3- va 4- bosqichlarga o‘tib bo‘lgan bo‘ladi. 2-bosqichda kasallikning aniqlanishi judayam kam kuzatiladi. Shu sababli bizda birlamchi bo‘g‘indagi shifokorlar va mutaxassislarning malakasini oshirish kerak. Bu sohada kadrlarning barchasini qaytadan tayyorlash kerak. Bolalar onkologiyasini davolash bo‘yicha rivojlangan davlatlar bizdan ancha ilgarilab ketgan.

«Onkologiyada raqobat yo‘qligi mutaxassislarning o‘z ustida ishlamasligiga sabab bo‘ldi»

— Bizda onkologiya sohasida raqobatning yo‘qligi sohada rivojlanishni to‘xtatib qo‘ygandi. Oxirgi 3-4 yil ichida xususiy tibbiyot muassasalariga onkologik kasalliklarni ham davolashga ruxsat berildi. Tibbiyotning qaysi yo‘nalishida xususiy sektorga ruxsat berilgan bo‘lsa, ular dunyo standartini o‘zlashtirishga harakat qilishadi. Qaysi soha xususiylashtirilmasdan davlat qaramog‘ida qolgan bo‘lsa, ayniqsa onkologiya sohasi monopoliyaga aylangan edi, bunaqa vaziyatda kadrlar ham o‘z ustida ishlamaydi, chunki bemor istasa-istamasa boshqa boradigan joyi yo‘q.

Gematologiya bo‘yicha bunday deyolmaymiz, gematologlar har yili xorijda malaka oshirishadi, o‘qib kelishadi, onkologiyada esa bu cheklanib qolgan. Onkologlarimiz xorij tajribasini o‘rganish uchun oxirgi yillarda xorijga chiqishganini bilmayman.

«Tizim butunlay o‘zgaradi»

— 2021 yilda Koreya bilan hamkorlikda ochilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida 20 o‘rindan iborat ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiya va gematologiya bo‘limi tashkil etildi. Markaz negizida butun respublikada shunday amaliyot rejalashtirilgan. Yaqinda qabul qilingan davlat rahbarining qarori bilan bu tizim tubdan o‘zgaradi. Butun dunyoda onkologik-gematologik kasallar qanday davolansa, bizdayam shu yo‘lga qo‘yiladi.

Bizda davolash usulini o‘zgartirishdan qo‘rqishadi. Hali bunga tayyor emasmiz, unga katta pul kerak, degan hadik bor. Qozog‘iston, Laos, Kambodja kabi davlatlar ham bizdan rivojlanib ketmagan. Lekin Qozog‘iston suyak ko‘migi iligini ko‘chirish jarrohlik amaliyotini yo‘lga qo‘yganiga 5 yil bo‘ldi. Belarus buni amalga oshirayotganiga 30 yil bo‘lyapti. Yursak yuraveramiz rivojlanishni kutib, bunaqada rivojlangan davlatlarga yetib olishimiz qiyin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartiga ko‘ra, bolalar onkologiyasida har 2 yilda davolash protokoli va diagnostika yangilanib turadi. Lekin bizda bunga hech kim ahamiyat berayotgani yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zini qiladigan ishi ko‘pdir, lekin mutaxassislar shu sohaning ichida turib, muammolarga yechimni talab qilmasa, vazirlikning ham e'tibori kam bo‘lishi mumkin.

Qancha bolalar sarson bo‘lishyapti, ota-onalar davo izlab chet elga ketishyapti. Shu davolash tizimini o‘zimizda ham tashkil qilish mumkin ekan. Mana hozir bizning markazda onkologik-gematologik bemor bolalar uchun 20 ta o‘rin mavjud. Oxirgi 3 oyda jami 69 nafar bemor bolalar davolangan bo‘lsa, shundan 15 nafari remissiyaga chiqqan, ya'ni to‘liq tuzalgan. Qolgan 57 nafari davolanish bosqichlarida.

Davlat rahbari yaqinda juda katta masalaga e'tibor qaratdi: har bir hududdagi ko‘p tarmoqli klinikalarda shunday ixtisoslashgan onkogematologiya bo‘limlari ochiladi. Bularning moddiy-texnik bazasi, tashkil qilinish strukturasi ishlab chiqilmoqda.

Bolalar onko-gematologiyasini davolash uchun o‘z milliy protokolimizni yaratishimiz kerak. Bundan tashqari, kadrlarni jalb qilish kerak. Bizning sohada kadrlar yetishmasligi – katta muammo. Chunki og‘ir soha – ko‘p yil o‘qish talab qilinadi, kasallarimiz og‘ir bo‘ladi. Tibbiyot oliygohiga kirayotganlar ko‘proq nisbatan osonroq yo‘nalishlarni tanlashadi: stomatologiya yoki plastik jarrohlikka o‘xshagan. Respublika bo‘yicha hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan bolalar onkologlari jamoasi bor-yo‘g‘i taxminan 25 nafar atrofida chiqadi. Tibbiyotning shunday tarmoqlari borki, 1000ta-500talab mutaxassislari bor, ana shu mutaxassislarni qayta tayyorlash orqali ham onkologlar safini kengaytirishimiz mumkin.

Bolalarni saratondan himoya qilish uchun ota-onalarga tavsiyalar

— Bolalar saratoni oxiri yo‘q narsa emas. Agar ota-ona, shifokorlar birgalikda ishlashsa, albatta, tuzalib ketish mumkin. Hech kim saratondan kafolatlana olmaydi: kattalar ham, bolalar ham. Lekin bu kasalga chalinganda erta bosqichda aniqlash juda muhim. Ota-ona e'tiborli bo‘lishi kerak. Bolani vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish kerak. Bola ko‘p terlayaptimi, ishtahasi qanday, tana harorati nazoratda tutilsa, maqsadga muvofiq. Chunki ilk belgilar ana shunday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

Ovqatlanish ratsioniga ko‘proq tabiiy mahsulotlarni kiritish, ularni chiniqtirish orqali saratondan imkon qadar himoyalanish mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda bolalarda saratondan tuzalish 30 foizni tashkil qiladi. Bu ma'lumotni o‘z tajribamdan kelib chiqib hisob-kitob qilganman. Buni rad qilib, 70 foiz deyishgan. Lekin unday emas.

Muammo shunchalik ko‘pligi uchun ham prezident tomonidan shu qaror qabul qilindi. Chunki shu qadar nochor ahvolga kelib qolgan edi bu soha. Bolalar onkologiyasini ana shu botqoqdan chiqarib olish kerak. Buning uchun soha vakillari qattiq mehnat qilishi, jon kuydirishi kerak.

Deyarli 6 oydan beri shu sohani respublikadagi holati bo‘yicha monitoring qilish, konsepsiyalarni ishlab chiqish va tahlil qilish uchun ishchi guruh ishlayapti. Kechalariyam ishlashga to‘g‘ri keldi ba'zida, lekin shunday qilinishi kerak edi. Bo‘lmasa yana 15 yil shu tarzda davom etaverardik. Boshida ayrimlarga yomon ko‘rindik, balki haliyam shunaqadir. Biz yomon ko‘rinaveraylik, lekin bolalarimiz yaxshi bo‘lsin.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top