14:23 / 14.06.2021
5543
DXX raisi kubogining final bosqichi boshlandi

12 iyun kuni mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogining final bosqichi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim doirasida so‘nggi bosqichga qur'a tashlandi.

Final raundiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan o‘z hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan jami 14ta jamoa yetib kelgan.

Qur'a yordamida jamoalar 4 ta guruhga bo‘lindi. Har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar chorakfinal yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Shuningdek, alohida qur'a orqali jamoalarga O‘zbekiston Superligasining taniqli mutaxassislari maslahatchi-murabbiy sifatida biriktirildi.

Turnir O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi hamkorligida o‘tkazilmoqda. O‘yinlar «Bunyodkor» akademiyasi maydonlarida bo‘lib o‘tadi.

«Musobaqa mahallalardagi yoshlar o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘lgani quvonarli. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida bunday yaxshi an'ana joriy etilmoqda. Ushbu musobaqa kelgusi yillarda ham muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirga qadar tuman va viloyat bosqichlarida jami 60mingdan ziyod yoshlar ishtirok etib ulgurdi», – deydi PFL bo‘lim boshlig‘i Zohirjon Akramxonov.

Yarimfinal, 3-o‘rin uchun bahs va final uchrashuvlari 15 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Turnir yakunida g‘olib jamoaga ko‘chma kubok topshiriladi va ushbu sovrin kelgusi mavsumgacha g‘olib jamoa ixtiyorida bo‘ladi.

Shuningdek, birinchi o‘rin sohiblariga o‘zlari istiqomat qiluvchi hududda mini-futbol stadioni, 2–3-o‘rin egalariga esa «Workout» trenajyor maydonlari qurib beriladi.

Top