08:18 / 14.06.2021
1926

Ishtixon dehqon bozorida oziq-ovqat rastasi yonib ketdi

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida joylashgan dehqon bozorida yong‘in ro‘y bergan. Oqibatda oziq-ovqat rastasining bir qismi yonib ketgan. Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 13 iyundan 14 iyunga o‘tar kechasi soat 00:01larda Ishtixon tumani «Qora qo‘yli» MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan «Ishtixon dehqon bozori» MChJ hududida yong‘in sodir bo‘lgan.

Oqibatda taxminan 130—135 m² maydonda joylashgan oziq-ovqat va har xil turdagi qandolat mahsulotlari sotiladigan ochiq savdo rastasi yonib ketgan. Savdo rastasi tom qismiga (tunuka qoplamali bo‘lgani sababli) zarar yetmagan.

Qayd etilishicha, o‘t o‘chirish guruhi hodisa yuz bergan joyga soat 00:08da yetib borib, soat 01:35da yong‘in bartaraf etilgan. Savdo rastasining 450 m² maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Ta'kidlanishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ishtixon dehqon bozorida yuz bergan mazkur yong‘in birinchisi emas. Bu yerda 2019 yil oktabr oyida ham yong‘in sodir bo‘lgandi. Shuningdek, 2020 yil 12 noyabr kuni Oqdaryo tumani markazi – Loyish shaharchasidagi buyum bozorida 14 ta savdo do‘koni yonib ketgandi. Bundan tashqari, joriy  yil 24 may kuni Urgut dehqon bozoriga tutash 5 ta savdo do‘koni yonib ketdi.

Mavzuga oid
Top