15:47 / 14.06.2021
35560

Prezident yig‘ilishida ishdan olingan Qahramon Olimov yangi lavozimga tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qahramon Olimov A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Toshkent filiali direktori etib tayinlandi. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Toshkent filialida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab “Maktabgacha ta'lim”, “Maxsus pedagogika (Surdopedagogika, Tiflopedagogika, Oligofrenopedagogika)”, “Psixologiya”, “Rus tilini o‘qitish nazariyasi va metodikasi” va “Psixologiya va ijtimoiy pedagogika” ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Filialda o‘qitish grant va shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Qahramon Olimov 2020 yil mart oyida prezident qarori bilan maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U bungacha vazirlikda boshqarma boshlig‘i, Buxoro muhandislik texnologiya institutining birinchi prorektori lavozimlarida ishlagan.

Joriy yil 24 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Qahramon Olimov «o‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun» lavozimidan ozod etildi, maktabgacha ta'lim vazirining qolgan o‘rinbosarlari va hududiy rahbarlar «vazifasini bajaruvchi» maqomiga o‘tkazildi.

Mavzuga oid
Top