20:31 / 14.06.2021
30213
Urgutdagi gaz quyish shoxobchasida gaz tashuvchi mashina portlab ketdi. Ikki kishi vafot etdi
Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchalarining birida gaz tashuvchi maxsus mashina portlab ketgan. Oqibatda ikki kishi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 14 iyun kuni soat 17:40 larda fuqaro A. boshqaruvida bo‘lgan, suyultirilgan gaz tashuvchi «ZIL-138 GBA SNG» rusumli maxsus avtomashina Urgut tumanining Kenagas mahallasi hududida joylashgan suyultirilgan gaz quyish shoxobchasiga gaz tushirayotgan vaqtida portlab ketgan.

Hodisa oqibatida haydovchi va gaz shoxobchasining bir nafar ishchisi voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari «ZIL-138 GBA SNG» avtomashinasi batamom yaroqsiz ahvolga kelgan.

Hozirda hodisa sababi hamda keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. 

Voqea joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch-vositalari jalb qilinib, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari bajarilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top