19:15 / 14.06.2021
9285
UZEX: fyuchers savdolari bo‘yicha AQSh davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

2021 yil 3-10 iyun kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi vakillari AQShga xizmat safarini uyushtirishdi. Xizmat safari davomida birja vakillari AQShning Nyu-York, Vashington va Chikago shaharlariga tashrif buyurishdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 martdagi PQ-5031-son “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida fyuchers savdolarini tashkillashtirish uchun AQSh birjalari, davlat nazorat organlari, brokerlik idoralari, softver va IT kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat edi.

Tashrifning dastlabki qismida O‘zbekiston birja vakillarining AQShning Tovar fyuchers savdolari bo‘yicha komissiyasi (CFTC) va “Connomara systems LLC” kompaniyasining rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi ko‘magida AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) maslahatchisi Maykl Kofild (Michael Cofield) va Tovar fyuchers savdolari bo‘yicha komissiyasi (CFTC) direktorining o‘rinbosari Kevin Pikkoli (Kevin Piccoli) bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda AQShda derivativ bozorlarining huquqiy asoslari, normativ-huquqiy bazasi, tovar segmentida fyuchers savdolarini tashkillashtirish va o‘tkazishni davlat hamda birjalar tomonidan nazorat qilish masalalari o‘rganildi va muhokama qilindi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra AQSh tarafidan fyuchers savdolarini o‘tkazishga doir normativ-huquqiy aktlarni tarjimasi ta'minlangan holda taqdim etish, fyuchers bozorlarini nazorat qilish bo‘yicha maslahatlar berish, soha ekspertlarini jalb qilish, shuningdek fyuchers savdolarini O‘zbekiston bozorida amaliyotda tatbiq qilishga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olindi.

Ta'kidlash lozimki, Tovar fyuchers savdolari bo‘yicha komissiyasi (CFTC) AQShning “Tovar birjalari to‘g‘risida”gi qonun ijrosini nazorat qiluvchi markaziy davlat boshqaruv organi hisoblanadi. Komissiyaning asosiy vazifasi fyuchers savdo ishtirokchilarini qoidabuzarlik va firibgarlikdan himoya qilish, hamda fyuchers savdolarini nazorat qilishdan iboratdir.

Ikkinchi uchrashuv AQSh ning “Connomara systems LLC” softver kompaniyasining (Chikago) asoschisi va rahbari Djyeyms Dauns (James Downs) va uning jamoasi bilan o‘tkazildi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra tomonlar bir qator kelishuvlarga erishdi, shu jumladan birja va xorijiy kompaniya o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur Memorandumga muvofiq, tomonlar O‘zbekiston birjasi uchun fyuchers savdolari bo‘yicha dasturiy ta'minotni ishlab chiqish va zamonaviy IT texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida hamkorlik qiladi.

Shuningdek, muzokaralar yakunida xorijiy kompaniya O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida fyuchers savdolarini tashkillashtirish va o‘tkazish bo‘yicha aniq takliflarni kiritdi.

Xususan, “Connomara systems LLC” kompaniyasi O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasiga litsenziya asosida fyuchers savdolari bo‘yicha tayyor dasturiy mahsulotlarni taqdim etish yoki belgilangan talablaridan kelib chiqqan holda birja uchun alohida dasturlarni yozish va amaliyotda joriy etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Kiritilgan takliflarga binoan xorijiy kompaniya O‘zbekiston birjasida fyuchers shartnomalari bo‘yicha elektron savdolar tizimlarini joriy etish bilan birga, mazkur tizimlarni lokal kliring tizimiga integratsiyalash, savdo tizimlarini testdan o‘tkazish va ularni texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash lozimki, “Connomara systems LLC” kompaniyasi 1998 yildan buyon birjalar, banklar va moliya bozorlariga dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, testdan o‘tkazish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha injiring xizmatlarini ko‘rsatadi.

Kompaniya birja savdo platformalari, buyurtmalar va metching mexanizmlari, savdo interfeyslari, ma'lumotlar bazasi, boshqa dasturlar va mobil ilovalarni ishlab chiqadi. Kompaniyaning fyuchers savdolari tizimlari asosan zamonaviy FIX API (moliyaviy ma'lumotlar bilan ayirboshlash) texnologiyalariga asoslangan.

“Connomara systems LLC” kompaniyasining yirik mijozlariga Chikago tovar birjalari guruhi (CME Group), Amerika moliya birjasi (AFX), Morgan Stanley - Amerika moliya konglameranti, Eris Exchange - Chikago derivativalar bozori, Cargill - Amerika oziq-ovqat kompaniyasi , Deutshe Boerse Group - birja xoldingi, Minneapolis bug‘doy birjasi (MGEX), Malayziya derivativlar birjasi (BMD), Dubay tovar birjasi (DME), Koreya fond birjasi (KRX), Meksika derivativlar birjasi (MexDer) kiradi.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi Ⓣ

Mavzuga oid
Top